Yana bir davlat Eronga maxfiy ravishda hujum uyushtirgan
Eron tomonidan o‘z hududiga berilgan zarbalarga javoban Saudiya Arabistoni maxfiy ravishda fors davlatiga qarshi hujumlar uyushtirgan. Bu haqda Reuters agentligi G‘arb davlatlari va Erondagi manbalariga tayanib xabar berdi.
«Saudiya Arabistoni tomonidan amalga oshirilgan va ilgari xabar berilmagan ushbu hujumlar podshohlikning Eron hududida to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy amaliyot o‘tkazgani bilan bog‘liq ilk ma’lum holatdir. Bu esa podshohlik mintaqadagi asosiy raqibidan himoyalanishda ancha ishonchli harakat qila boshlaganidan dalolat beradi», – deb yozdi agentlik.
Ma’lum bo‘lishicha, Saudiya Arabistoni Eronga javob zarbalarini mart oyida bergan. Ammo podshohlik Erondagi aynan qaysi obyektlarni nishonga olgani ochiqlanmagan. Bu masalada Reuters agentligiga na Saudiya, na Eron tashqi ishlar vazirligi izoh bergan.
AQSh va Isroil joriy yil 28-fevral kuni Eronga qarshi keng ko‘lamli hujum boshlaganidan keyin Tehron Vashingtonning yaqin ittifoqchilari sifatida qo‘shni arab davlatlari, jumladan, Saudiya Arabistonidagi harbiy va sanoat obyektlariga raketa hamda dronlar orqali hujum uyushtirdi.
Jumladan, Eron Saudiya Arabistonidagi AQSh elchixonasini nishonga oldi.
Shuningdek, Saudiya neft infratuzilmasiga, xususan, dunyodagi eng yirik neft eksport markazlaridan biri bo‘lgan Saudi Aramco kompaniyasining Ras-Tanura obyektiga zarba berildi.
Shu paytga qadar podshohlik qo‘shni davlat hujumlariga javob bergani haqida ma’lumot yo‘q edi. Reuters xabari Saudiya yashirin bo‘lsa-da javob qaytarganini anglatadi.
Urush avjiga chiqqan kunlarda Isroil arab davlatlarini ham Eronga qarshi harbiy kampaniyaga qo‘shish uchun turli usullarni qo‘llagani ma’lum.
Saudiya Arabistonining Eron urushi bo‘yicha pozitsiyasini ikki bosqichga bo‘lish mumkin. Dastlab Riyoz Vashingtonni Eronga qarshi harbiy harakatlarni kuchaytirishga chaqirdi. Podshohlikning amaldagi rahbari, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon AQSh prezidenti Donald Trampni Eronga qarshi urushni hech ikkilanmay davom ettirishga undadi.
Urushning cho‘zilishi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasi ortidan Saudiya keskin pozitsiyasini yumshatdi. Podshohlik AQShni Ho‘rmuz bo‘g‘ozi qamalini tugatish va Tehron bilan muzokaralarni qayta boshlashga ko‘ndirishga harakat qila boshladi.
Avval xabar berganimizdek, Birlashgan Arab Amirliklari ham AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi davrida Tehronga qarshi bir qator maxfiy hujumlarni amalga oshirgan.
Co‘nggi xabarlarga qaraganda, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Eronga qarshi urush davrida maxfiy ravishda BAAga tashrif ham buyurgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter