Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

ChatGPT «g‘arb odami» singari fikrlaydi — tadqiqot

ChatGPT «g‘arb odami» singari fikrlaydi — tadqiqot

Illyustrativ foto

Harvard universiteti o‘tkazgan tadqiqot qiziq bir xususiyatni yuzaga chiqardi — ChatGPT kabi yirik til modellari «g‘arb odami» singari fikrlaydi.

Ya’ni sun’iy intellekt sayyoramizdagi «o‘rtacha odam» ongini emas, balki G‘arb dunyosiga xos WEIRD (Western, Educated, Industrialized, Rich, Democratic — g‘arbcha, ta’lim ko‘rgan, sanoatlashgan, boy va demokratik) fikrlashni aks ettiradi.

Olimlar Qadriyatlar bo‘yicha butunjahon so‘rovnomasi (World Values Survey) savollariga GPT bergan javoblarni tahlil qilib, ularni odamlarning natijalari bilan solishtirishdi. Mazkur tadqiqot 65 ta mamlakatdan 94 mingdan ortiq kishini qamrab olgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, AQShdan madaniy jihatdan uzoqlashilgan sari GPT va insonlar javoblari o‘rtasidagi o‘xshashlik keskin kamayib boradi (korrelyasiya koeffitsiyenti: r = –0,70, p < 0,001).

Oddiyroq tushuntirganda: ChatGPT xayolan guyoki Boston va Amsterdam oralig‘ida yashayotgandek.

Til modeli madaniy qadriyatlar va qarashlar bo‘yicha AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya va Niderlandiyaga juda yaqin, biroq kognitiv (bilishga oid) testlarda ChatGPT aynan gollandlar bilan eng yuqori darajadagi o‘xshashlikni ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, olimlar bunda jiddiy muammoni ko‘rishmoqda: sun’iy intellektni o‘qitish (trening) uchun mo‘ljallangan ma’lumotlarning qariyb 90 foizi ingliz tilida yaratiladi, Yer yuzi aholisining yarmi esa (taxminan 3,6 milliard kishi) umuman internetga ulanish imkoniga ega emas, oqibatda til modellari WEIRD-dunyosining qadriyatlari va mantig‘ini meros qilib olmoqda. Bunday nomutanosiblik ijtimoiy tizimlarga integratsiya qilingan sun’iy intellektning faqatgina tor doiradagi madaniy me’yorlar va dunyoqarashlarni aks ettirishiga zamin yaratadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring