Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Indoneziya bir necha kun ichida 700 dan ziyod fuqarosidan ayrildi

Indoneziya bir necha kun ichida 700 dan ziyod fuqarosidan ayrildi

Foto: AP

Indoneziyada ro‘y bergan toshqinlar oqibatida kamida 712 kishi halok bo‘ldi. Qutqaruvchilar hali ham tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan hududlarga yetib borishga urinmoqda.

Indoneziya favqulodda vaziyatlar idorasiga ko‘ra, Malakka bo‘g‘ozida kuzatilgan kuchli dovul oqibatida yuzaga kelgan suv toshqinlaridan mamlakatning uchta muzofotida yashovchi 1,5 millionga yaqin aholi aziyat chekkan.

500 ga yaqin kishi daraksiz yo‘qolgan, minglab odam jarohatlangan.

Reuters agentligi esa Indoneziyada toshqin va ko‘chkilar oqibatida jami 900 ga yaqin kishi halok bo‘lgani haqida xabar berdi.

Kuchli tropik dovullar Janubi-Sharqiy Osiyoda so‘nggi yillarda kuzatilgan eng kuchli toshqinlarga sabab bo‘ldi. O‘tgan hafta mobaynida mintaqada 1200 kishi halok bo‘ldi. Tabiiy ofat, jumladan, Shri-Lankda 410, Tailandda 176, Malayziyada 2 kishining hayotiga zomin bo‘lgan.

Indoneziyaning Achex, Shimoliy va G‘arbiy Sumatra kabi uch viloyati eng ko‘p talafot ko‘rdi. Minglab odam tashqi dunyodan uzilgan holda, birlamchi ko‘makdan mahrum holda qolmoqda.

Suv toshqini qisqa muddatda minglab uy va imoratlarni yuvib ketgan.

Yuz minglab odam xavfsiz joyga ko‘chirilgan bo‘lsa-da, noqulay ob-havo sharoiti bois qutqaruv amaliyoti ham o‘ta mushkul kechmoqda.

Aholi Indoneziya hukumatidan Sumatrani milliy tabiiy ofat hududi deb e’lon qilishni talab qilmoqda. Ana shunda qutqaruv amaliyotini tezroq va o‘zaro muvofiqlashtirgan holda amalga oshirish mumkin bo‘ladi. 

Muxoliflar hukumat tabiiy ofatga yetarli tayyorgarlik ko‘rmagani, byurokratik to‘siqlar sabab oziq-ovqat yetkazish kechikkanini aytmoqda.

Ayrim faollar tabiiy resurslardan o‘ylamasdan foydalanish, jumladan, tog‘-kon sanoati ehtiyoji uchun daraxtlarning kesilishi tabiiy ofat ko‘lamini kengaytirib yubordi degan fikrda.

«Qiyinchilikni yengib o‘tish uchun barcha choralarni amalga oshiramiz», — degan Indoneziya prezidenti Prabovo Subianto.

Toshqinlar Tailandda yashovchi 3,8 million aholining ham kundalik hayotini izdan chiqargan.

Hukumat tabiiy ofatda halok bo‘lganlarning oilalariga ikki million bat (62 ming dollar) tovon puli to‘lashga va’da bergan.

Malayziyada insoniy talafot kam bo‘ldi, ammo moddiy zarar ko‘lami kichik emas. Masalan, Perlis shtatidagi minglab uy-joy suv ostida qolgan.

Shri-Lanka ham toshqinlardan katta zarar ko‘rdi. Hukumat vaziyat qaltisligi sabab favqulodda holat e’lon qilishga majbur bo‘ldi.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi Janubi-Sharqiy Osiyoda, jumladan, Indoneziya, Tailand va Shri-Lankada kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik hamda suv toshqinlari oqibatida halok bo‘lgan, bedarak yo‘qolgan yoki jarohatlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligi haqida bayonot bergan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring