Noyob brilliant uzuk rekord narxga sotildi
Jenevada o‘tkazilgan Christie’s kimoshdi savdosida «Ocean Dream» (Ummon orzusi) brilliant uzugi rekord darajadagi 13 567 500 shveysariya frankiga (taxminan 17,3 million dollar) o‘z yangi egasini topdi.
Noyob toshni qo‘lga kiritish uchun xaridorlar o‘rtasidagi kurash qariyb 20 daqiqa davom etdi va u kimoshdi savdolari tarixidagi eng qimmat ko‘k-yashil tusli brilliant sifatida rekord o‘rnatdi
Uzuk markazida 5,5 karatli, uch burchak shakliga keltirilgan noyob ko‘k-yashil brilliant joylashgan. Uni yanada jozibali ko‘rsatish uchun atrofiga romb shaklida ishlov berilgan yigirmaga yaqin oq rangli brilliant terib chiqilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu noyob olmos 1990-yillarda Markaziy Afrika Respublikasi hududidan topilgan. Dunyoga mashhur Smitson instituti olimlari rangi va soflik darajasi uyg‘unligi bo‘yicha «Ocean Dream» toshini sayyoramizdagi eng noyob 8 ta olmos ro‘yxatiga kiritgan.
Diqqatga sazovor jihati, bu noyob uzuk birinchi marta kimoshdiga chiqarilayotgani yo‘q. Ushbu uzuk 2014-yilning may oyida xuddi shu Jenevadagi auksionda 7,7 million shveysariya frankiga sotilgan edi. Oradan o‘tgan vaqt ichida qimmatbaho toshning qiymati qariyb ikki barobarga qimmatlashgani san’at va noyob buyumlarga bo‘lgan investitsiyaning naqadar foydali ekanini yana bir bor isbotladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter