Putin Trampga va’da berdi
AQSh prezidenti Donald Tramp rossiyalik hamkasbi Vladimir Putindan qahraton sovuq munosabati bilan Kiyev hamda Ukrainaning boshqa shaharlarini o‘qqa tutmaslikni so‘radi.
“Ular (ukrainaliklar nazarda tutilmoqda – tahr.) bunday sovuqni hech qachon ko‘rishmagan edi. Shu bois men shaxsan Putindan Kiyev va boshqa shaharlarni hafta mobaynida o‘qqa tutmaslikni iltimos qildim va u bunga rozilik bildirdi”, – dedi Tramp 29-yanvar kuni Oq uydagi majlisda.
Trampning bayonoti yuzasidan rasmiy idoralar ochiq izoh berganicha yo‘q. Jumladan, o‘q otishni muvaqqat to‘xtatish tartibi qachon kuchga kirishi ham ma’lum emas.
Buyuk Britaniyaning Financial Times gazetasi jurnalisti Kristofer Miller Ukraina amaldorlari muvaqqat otashkesimdan Trampning bayonoti orqali xabar topishgani, bu borada Rossiyadan biror ishora bo‘lmagani haqida yozgan.
Kreml ham bu xabarni rasman tasdiqlaganicha yo‘q. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov hozircha bu masala yuzasidan izoh bera olmasligini aytgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa qattiq sovuq sharoitida faqat energetika bo‘yicha sulhga erishilganini tasdiqlagan.
“Energetika bu hayot asosi va biz hamkorlarimizning hayotimizni asrash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qadrlaymiz. Tashakkur, prezident Tramp! Jamoalar bu haqda Amirliklarda (Rossiya va Ukraina vakillarining BAAdagi muzokaralari nazarda tutilmoqda – tahr.) gaplashgan edi. Taranglikni yumshatuvchi qadamlar urushni butunlay to‘xtatish yo‘lidagi real harakatlarga rag‘bat beradi”, – degan Zelenskiy.
Xabarlarga ko‘ra, joriy yil 23-24-yanvar kunlari BAA poytaxti Abu Dabi shahrida Rossiya, Ukraina va AQSh vakillari ishtirokidagi muzokaralarda vaqtincha o‘t ochishni to‘xtatish masalasi ham ko‘rib chiqilgan. Rossiyaning Ukraina energetika tizimiga hujum qilmasligi evaziga Ukrainaning Rossiya neft ob’yektlariga hujum qilmasligi ehtimoli muhokama etilgan.
2025-yil bahorida Tramp va Putin muloqotidan keyin ham energetika ob’yektlariga zarba bo‘yicha 30 kunlik moratoriy kuchga kirgan, ammo ko‘p o‘tmay muvaqqat kelishuv yo‘qqa chiqqan edi.
2026-yil boshidan beri Rossiya Ukraina shaharlari, xususan, poytaxt Kiyevga bir necha bor ommaviy hujumlar uyushtirdi. Raketa va dronlar hujumi oqibatida Kiyevdagi minglab ko‘p qavatli uylarda isitish tizimi ishdan chiqqan, suv ta’minoti uzilib qolgan. Moskvaning hamlalari Ukrainada qattiq sovuq hukm surayotgan kunlarga to‘g‘ri kelmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter