Starmer Xitoyda. Tramp Britaniyaga ham bojlari bilan tahdid qiladimi?
AQSh prezidenti Donald Tramp Buyuk Britaniyaning Pekin bilan iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishi «xavfli» ekanini bildirdi. Bu bayonot Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning Xitoyga tashrifi chog‘ida yangradi.
G‘arb yetakchilari Trampning boj tahdidlari va Grenlandiya nazoratini qo‘lga olishga urinishga qaratilgan siyosiy qadamlaridan xavotirga tushayotgan bir paytda, Starmer Xitoyga borgan navbatdagi yetakchiga aylandi.
Yaqin orada Germaniya kansleri Fridrix Mers ham Xitoyga tashrif buyurishi kutilmoqda. Undan oldin dekabr oyida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Pekinda bo‘lib, Si Szinpin bilan birga kamyob safarlardan birini amalga oshirgan edi.
Payshanba kuni Xitoy raisi Si Szinpin bilan qariyb uch soat davom etgan muzokaralarda Kir Starmer bozorlarga kirish imkoniyatlarini yaxshilash, bojlarni kamaytirish va investitsiya kelishuvlarini muhokama qilgan.
U vizasiz safar bo‘yicha kelishuvlar va viski uchun bojlarni pasaytirishni «juda muhim, ramziy ahamiyatga ega qadamlar» deb atadi.
«Ishonch va o‘zaro hurmat aynan shu yo‘l bilan quriladi», – dedi Starmer.
Biroq Vashingtonda, Britaniya va Xitoy yaqinlashuvi haqidagi savollarga javoban Donald Tramp «bu ular uchun juda xavfli» ekanini aytgan, ammo qo‘shimcha izoh bermagan.
Aprel oyida Xitoyga safar qilishni rejalashtirayotgan Tramp o‘tgan hafta Kanada bosh vaziri Mark Karni Pekin bilan iqtisodiy kelishuvlar imzolagandan so‘ng, Kanadaga qarshi boj joriy etish bilan tahdid qilgan edi.
Tramp bayonotidan oldin AQSh savdo vaziri Hovard Latnik Starmerning Xitoy bilan yaqinlashuvi samara berish ehtimoli pastligini aytgan. U, jumladan, Xitoy eksportda juda kuchli ekani va u yerga mahsulot sotish juda qiyinligini aytgan.
Latnikdan Tramp Britaniyaga ham boj bilan tahdid qiladimi, deb so‘ralganda, u «agar Britaniya bosh vaziri AQShga qarshi keskin pozitsiya tutmasa, bunday bo‘lmaydi», deya javob bergan.
Britaniya bosh vaziri devoni va Xitoy TIVi Tramp bayonotiga munosabat bildirmadi.
Jurnalistlar bilan suhbatda Starmer Britaniya AQSh bilan yaqin aloqalarni saqlagan holda Xitoy bilan ham iqtisodiy hamkorlikni rivojlantira olishini aytdi.
«AQSh bilan munosabatlarimiz eng yaqin aloqalardan biri — mudofaa, xavfsizlik, razvedka va savdo sohalarida», – dedi u.
Uning ta’kidlashicha, Britaniya AQSh yoki Xitoy o‘rtasida tanlov qilishga majbur emas.
Shuningdek, Britaniya hukumati manbasi aytishicha, Vashington Xitoyga tashrifdan oldin Britaniyaning maqsadlari haqida oldindan xabardor qilingan.
So‘nggi haftalarda Trampni ochiq tanqid qilmaslikka harakat qilib kelgan Starmer ayrim masalalarda unga qarshi chiqishga ham tayyor ekanini ko‘rsatmoqda. U NATO haqidagi «qabul qilib bo‘lmas» bayonotlar uchun Trampni uzr so‘rashga chaqirgan va Grenlandiyani anneksiya qilish talablariga bo‘ysunmasligini bildirgandi.
Manba: reuters.com


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter