Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sadir Japarov YTH oqibatida halok bo‘lgan o‘g‘li va ukasi haqida gapirdi

Sadir Japarov YTH oqibatida halok bo‘lgan o‘g‘li va ukasi haqida gapirdi

Foto: Kabar.kg

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatda so‘nggi 10 yilda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari (YTH)ning xavotirli statistikasini ochiqladi. Japarov, jumladan, o‘z o‘g‘li hamda ukasi va uning rafiqasi YTHda halok bo‘lganiga to‘xtaldi.

So‘nggi 10 yilda Qirg‘izistonda YTH oqibatida 9 120 kishi halok bo‘lgan, 13 260 kishi jarohatlangan. Jarohatlanganlarning qariyb yarmi nogiron bo‘lib qolgan, bu esa davlat zimmasiga nafaqalar to‘lash kabi qo‘shimcha ijtimoiy majburiyatlarni yuklaydi, dedi prezident.

Qirg‘iziston rahbari yo‘l halokatlari tufayli boshidan kechirgan shaxsiy yo‘qotishlarga ham to‘xtaldi.

Jumladan, uning ukasi rafiqasi bilan birga YTHga uchrab, voqea joyida halok bo‘lgan.

«Ularning to‘rt nafar farzandi turli darajadagi jarohatlar olgan bo‘lsa-da, omon qolishdi. 2019-yilda katta o‘g‘lim YTH oqibatida halok bo‘ldi. Bu kabi fojialarga minglab odamlar duch kelmoqda», — dedi Sadir Japarov.

Avtohalokatlarning oldini olish uchun yo‘l harakati qoidalarini puxta o‘rganish zarur, dedi davlat rahbari.

Ochiq manbalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Japarovning to‘ng‘ich o‘g‘li 27 yoshli Doston 2019-yil avgustida Bishkekda yuz bergan YTHdan so‘ng vafot etgan. U mototsikl boshqarib ketayotganda avtomobil kelib urilgan. Og‘ir jarohatlangan Doston bir necha kundan so‘ng shifoxonada olamdan o‘tgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring