Tramp Kanadaga 100 foizlik bojlar bilan tahdid qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp Kanada bosh vaziri Mark Karni bilan munosabatlarni yanada keskinlashtirdi. AQSh rahbari Kanada Xitoy bilan savdo kelishuvini davom ettirsa, undan import qilinadigan tovarlarga 100 foizlik boj joriy etish bilan tahdid qildi.
Tramp ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida, agar Kanada bosh vaziri Mark Karni mamlakatini Xitoy tovarlari uchun «yuk tushirish porti»ga aylantirib, ularni AQShga yo‘naltirishni o‘ylayotgan bo‘lsa, «qattiq adashayotganini» aytdi.
Oxirgi bir yil davomida Tramp savdo urushi olib borayotgan bir paytda, Kanada shu oyda Xitoy bilan kelishuvga erishdi. Unga ko‘ra, Xitoy elektromobillariga qo‘yilgan tariflar pasaytirilishi evaziga, Kanada qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga nisbatan Xitoydagi import soliqlari kamaytiriladi.
Dastlab Tramp mazkur kelishuvni ijobiy baholab, bu Karni «qilishi kerak bo‘lgan ish» ekanini aytgan edi. Ammo keyinchalik u o‘z pozitsiyasini o‘zgartirdi.
Kanadaning AQSh bilan savdo masalalari uchun mas’ul vaziri Dominik Leblangning ma’lum qilishicha, Kanada va Xitoy bir qator muhim savdo muammolarini hal etgan, ammo erkin savdo to‘g‘risidagi to‘liq kelishuvga intilayotgani yo‘q.
Trampning navbatdagi tahdidlari AQSh prezidenti va Kanada bosh vaziri o‘rtasidagi og‘zaki tortishuvlar fonida yangradi. Bu tortishuvlar, ayniqsa, Trampning Grenlandiyani sotib olish niyati va NATO ittifoqchilari bilan munosabatlarning sovishi ortidan yanada kuchaydi. Shu hafta Davosda bo‘lib o‘tgan forumda Tramp «Kanada AQSh hisobiga yashab kelmoqda», deya bayonot bergan edi.
Bunga javoban Mark Karni Kanada «AQSh hisobiga yashamayotgani va mamlakat kanadaliklar tufayli rivojlanayotgani»ni aytgandi.
Oradan ko‘p o‘tmay, Tramp Karnidan o‘zining yangi tashkil etilgan «Tinchlik kengashi»ga taklifini qaytarib oldi.
Tramp avvalroq ham Kanada suverenitetini shubha ostiga olgan va uni AQShning 51-shtati sifatida qo‘shib olish haqida gapirgan edi. Shu hafta u ijtimoiy tarmoqlarda AQSh xaritasiga Kanada, Venesuela, Grenlandiya va Kuba qo‘shib tasvirlangan montaj qilingan suratni ham joylashtirdi.
Shanba kuni e’lon qilingan yana bir postda Tramp Karnini «gubernator Karni» deb atadi. U avval ham Karnining o‘rnini bosgan Jastin Tryudoni shunday atagan edi. Bu Karni bilan munosabatlar qanchalik yomonlashganining yana bir belgisi sifatida baholanmoqda.
Karni esa boshqa davlatlarni AQSh siyosatiga qarshi birlashishga chaqirmoqda. U Davosdagi chiqishida: «O‘rta qudratli davlatlar birgalikda harakat qilishi kerak. Agar siz muzokara stolida bo‘lmasangiz, menyuda bo‘lasiz», – deya ogohlantirgandi.
Kanada bosh vaziri hatto Tramp davrida AQSh bilan G‘arb o‘rtasida «uzilish» yuz berganini va bu aloqalar hech qachon tiklanmasligini aytdi.
Shu bilan birga, Tramp Truth Social tarmog‘ida Xitoy «Kanadani to‘liq yutib yuboradi», deya da’vo qildi. Keyingi postida esa: «Dunyoga kerak bo‘lgan eng oxirgi narsa — Xitoyning Kanadani egallab olishi. Bu hech qachon sodir bo‘lmaydi», – deb qo‘shimcha qildi.
Hozircha Karni Tramp tomonidan Kanadaning asosiy iqtisodiy sohalariga joriy etilgan ba’zi bojlarni kamaytirish bo‘yicha kelishuvga erisha olgani yo‘q. Biroq Kanada AQSh—Meksika—Kanada savdo kelishuvi tufayli eng qattiq bojlardan himoyalangan. Bu kelishuv joriy yilda qayta ko‘rib chiqilishi kerak.
Avvaliga Kanada Xitoyga nisbatan AQSh siyosatiga mos ravishda harakat qilib, elektromobillarga 100 foiz, po‘lat va alyuminiyga 25 foizlik boj joriy etgan edi. Bunga javoban Xitoy Kanada raps yog‘i va shrot mahsulotlariga 100 foiz, cho‘chqa go‘shti va dengiz mahsulotlariga 25 foiz boj qo‘ydi.
Biroq Trampning bosim siyosati ortidan Kanada tashqi siyosati AQShnikidan tobora farq qila boshladi va bu Pekin bilan munosabatlarni yaxshilash uchun imkoniyat yaratdi. Karni bu haqda joriy oy boshida Pekinga tashrifi chog‘ida bayonot bergan.
Kanada AQShning 36 shtati uchun asosiy eksport bozori hisoblanadi. Har kuni ikki davlat chegarasidan 3,6 milliard kanada dollari (taxminan 2,3 milliard yevro) qiymatida tovar va xizmatlar o‘tadi. AQShga import qilinadigan neftning 60 foizi, elektr energiyasining esa 85 foizi Kanada hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, Kanada AQShga po‘lat, alyuminiy, uran hamda Pentagon milliy xavfsizlik uchun muhim deb hisoblaydigan 34 turdagi strategik mineral va metallarning eng yirik tashqi yetkazib beruvchisi hamdir.
Manba: ru.euronews.com


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter