Samarqandda xonadonda gaz balloni portladi: 4 kishi jabrlangani aytilyapti
Bir muddat oldin ayrim nashrlarda Samarqand viloyati Ishtixon tumanida maishiy gaz balloni portlagani, hodisa oqibatida esa kamida 4 kishi jabrlangani haqida xabarlar tarqalgan va o‘z navbatida ushbu baxtsiz hodisaning tafsilotlari mahalliy hokimiyat tomonidan yashirilayotgani aytilgan edi.
Voqeadan 2 kun, OAVda e’lon qilingandan so‘ng esa yarim soat o‘tib, «Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti filiali jabrlanuvchilar soni va ahvoli haqida ma’lum qilinmagan bayonotini e’lon qildi.
Unda aytilishicha, Samarqand viloyati Ishtixon tumani «Dehqonobod» MFYda 2026-yil 10-fevral kuni maishiy gaz balloni bilan bog‘liq holat sodir bo‘lgan.
«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, iste’molchiga belgilangan tartibda to‘ldirilgan maishiy gaz balloni yetkazib berilgan. Gaz balloni texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan bo‘lib, soz holatda topshirilgan va qabul qilish jarayonida gaz sizib chiqish holati aniqlanmagan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tegishli mutasaddi tashkilotlar ishtirokida komissiya tuzilib, barcha holatlar atroflicha o‘rganilmoqda», – deyiladi rasmiylar axborotida.
Biroq, «Daryo» nashrining o‘z manbalariga tayanib yozishicha, 10-fevral kuni Tog‘aybiy qishlog‘i turg‘uniga berilgan gaz balloni dastlab gaz sizib chiqayotgani uchun almashtirib olingan. Baxtga qarshi, yangi berilgan gaz balloni ham nosoz bo‘lgan. Buni sezmagan xonadon egasi uni biror moslamaga ulamasdan xonaga kiritib qo‘ygan. Xona esa nosoz ballon sabab gazga to‘lgan va portlash sodir bo‘lib, yong‘in chiqqan. Oqibatda uyning egasi (erkak), uning kelini va yana ikki nabirasi (qizlar) kuyish alomatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan.
Nashr manbasi jabrlanuvchilarning ahvoli og‘irligini aytgan.
«Daryo», shuningdek, portlashdan so‘ng qishloqqa kelgan Ishtixon tumani hokimi Fazliddin Ro‘ziyev jabrlanuvchilarning davolanishiga ham, uyini qayta tiklashga ham yordam ko‘rsatilishini va’da qilgani, lekin hodisani internetga chiqarib yubormaslikni qat’iy tayinlaganini yozmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter