IIV va Milliy gvardiyaning vakolatlari aniq chegaralab berilyapti
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Qo‘riqlash faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasiga muvofiq, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan o‘zgartirishlar doirasida ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish hamda ma’muriy jazo qo‘llash vakolatlari Ichki ishlar vazirligi huzuridagi qo‘riqlash bo‘linmalarining tegishli mansabdor shaxslariga berilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida” hamda “Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarga kiritilayotgan o‘zgartirishlar orqali qo‘riqlash faoliyati sohasida Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaning vakolatlari aniq chegaralab berilyapti.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, ko‘rib chiqish uchun Senatga yuborildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter