Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Abadiy tortishuv: o‘lim jazosi kerakmi?

Abadiy tortishuv: o‘lim jazosi kerakmi?

O‘zbekiston 2008 yilning 1 yanvaridan o‘lim jazosini bekor qilgan va bunday qadam qo‘ygan dunyodagi 135-davlat bo‘lgan.

Foto: «pahavanne.by»

  • Farg‘onada 5 yashar qizaloqning jasadi topildi. Bu jinoyat tafsilotlari va suratlar yashin tezligida ijtimoiy tarmoqlarni aylanib chiqdi. Keyinchalik uni vahshiylarcha o‘ldirgan razil kimsa ham qo‘lga olindi. Hozir tergov ishlari olib borilmoqda, qotilga qanday jazo berilishi noma’lum...
  • Bo‘z tumanida aliment to‘lamaslik uchungina o‘zining uch yashar qizini pichoqlab tashlagan ota qo‘lga olindi...
  • Yangiyerda bir oilani xonadonga qamab yoqib yuborgan ayol ushlandi...

Har qancha oldi olinmasin, jinoyatlar sodir bo‘lmoqda, jinoyatchilar qo‘lga olinmoqda va sud hukmiga topshirilmoqda. Xo‘sh, yuqoridagi kabi holatlarda qotillarga qanday jazo berilishi kerak deb o‘ylaysiz? Nima deb javob berganingizni anglab turibmiz. Lekin javob berishga shoshilmang, maqolani oxirigacha o‘qib chiqing.

Nega ko‘pchilik fikri inobatga olinmaydi?

Xalq hokimiyati, huquqiy tizim o‘rnatilgan deyarli barcha davlatlarda muhim qarorlar qabul qilinishidan avval referendumlar o‘tkaziladi, ijtimoiy fikr o‘rganiladi, fuqarolarning munosabati tahlil qilinadi. Lekin shunday savollar borki, ularni omma e’tiboriga havola qilib bo‘lmaydi. Masalan, «Maoshlar oshirilishi kerakmi?», «Soliqlar kamaytirilishi lozim deb o‘ylaysizmi?» degan savollarni o‘rtaga tashlashdan mantiq yo‘q. Chunki javob tayin, garchi ko‘pchilikning bu boradagi fikri bir joydan chiqsa-da, baribir hukumat imkoniyatiga ko‘ra va vaziyatdan kelib chiqib ish ko‘radi.

Ana shunday, ijtimoiy fikr o‘rganilganda so‘ralmaydigan savollardan, referendumda kun tartibiga qo‘yilmaydigan masalalardan biri «O‘lim jazosini yoqlaysizmi yoki og‘ir jinoyat qilganlar oliy jazo sifatida qatl etilishi tarafdorimisiz?» degan savoldir. Chunki aksariyat odamlar mudhish jinoyat qilganlar o‘lim jazosiga hukm qilinishini yoqlab chiqishlari aniq. Shunday bo‘lsa-da, ko‘plab davlatlarda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham oliy jazo sifatida o‘lim jazosi umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilgan. Umuman olganda o‘lim jazosi insoniyat abadiy tortishib o‘tadigan, aniq to‘xtamga kelish qiyin bo‘lgan bahslardan biridir.

Bu qanday jazo o‘zi?

O‘lim jazosi — qonun tomonidan yo‘l qo‘yiladigan oliy jazo turi bo‘lib, og‘ir jinoyatlari uchun insonning qatl etilishi hisoblanadi. O‘lim jazosi ijro etilayotgan vaqtda davlat tomonidan belgilangan vakillar ishtirok etishi va aynan ular qatlni amalga oshirishlari shart, aks holda bu jarayon qotillik deya baholanadi. 2015-yilga kelib BMTga a’zo bo‘lgan 193 davlatdan 169 tasida o‘lim jazosi qo‘llanilmaydi. Lekin insoniyat borki, bu jazo ham mavjud. Butun dunyo huquqshunoslari bir bo‘lib bu jazoga qarshi chiqqanida ham uning yo‘qolib ketishiga ishonish qiyin.

Yildan-yilga kamayib borayotgan bo‘lsa-da, hanuz ko‘pchilik davlatlarda o‘lim jazosi muntazam qo‘llanib kelinadi. Bu davlatlar qatorida o‘zining huquqiy tizimi bilan barchaga o‘rnak bo‘lishga harakat qiladigan AQSh ham bor. Yevropada esa aksincha, deyarli barcha davlatlar jazoning bu turidan voz kechgan. Lekin tarix nuqtai nazaridan bu jazoni eng ko‘p qo‘llagan va takomillashtirib, o‘ziga xos san’at darajasiga olib chiqqanlar ham aynan Ko‘hna qit’a davlatlaridir.

Kamdan-kam tarixiy filmlar o‘lim jazosi sahnasisiz kechadi. Albatta ko‘rgansiz, baland sahn ko‘rinishida tiklangan qurilma (eshafot), unga o‘rnatilgan dor, bir chetda turgan kunda, niqob kiygan jallod va cho‘kkalab turgan qo‘li bog‘liq mahkum. Pastda esa son-sanoqsiz olomon...

Bu anchayin insonparvar sahna ko‘rinishidir. Film ijodkorlari ham tomoshabinda noxush hislar uyg‘otmaslik uchun ko‘proq shu ko‘rinishdan foydalanadilar. Lekin u davrlarda o‘lim jazosining usullari shu qadar ko‘p bo‘lganki, ularning nomini eshitiboq kishining eti junjikadi. Mahkumlar dorga osilgan, o‘tda yoqilgan, parchalab tashlangan, boshlari olingan, past olovda qaynatilgan, toshbo‘ron qilingan, tiriklay ko‘milgan, yirtqich hayvonlarga yem qilingan, qoziqqa o‘tqazilgan... Bular ham hammasi emas, mahkumning aybiga ko‘ra yanayam shafqatsiz usullar o‘ylab topilgan yoki uning joni uzilgunga qadar bir necha usullar qo‘llangan. 

U davrlarning o‘ziga xosligi shundaki, bizning nazdimizda og‘ir jinoyat deya baholanadigan qotillik, davlatga xiyonat qilish kabi qilmishlar uchungina emas, aksildiniy qarashlar, g‘alayon qilish, o‘g‘irlik, turmush o‘rtog‘iga xiyonat, harbiy xizmatdan qochish, shohni yoki tuzumni yomonlash, fohishalik va hatto arzimagan hazillar uchun ham o‘limga mahkum qilinib, hukm ham darhol ijro etilgan.

Mahkum shaharlarning markazlarida, bozorlarda, umuman odamlar gavjum joylarda, ko‘pincha ming-minglab odamlar ko‘z o‘ngida qatl qilingan. Qatl jarayoni ommaviy yig‘inlarga, xalq tantanasiga aylanib ketgan. Televizor, gazeta kabi ommaviy axborot vositalari yo‘q davrlarda bu olomon uchun o‘ziga xos tomosha bo‘lish bilan birga boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan juda kuchli targ‘ibot vazifasini o‘tagan.

Hozirda qayerlarda qo‘llaniladi?

Zamonamizda bu jazo quyidagi ko‘rinishlarda mavjud:

  • bekor qilingan;
  • oddiy sud amaliyotida bekor qilingan, lekin maxsus sud amaliyotida (masalan urush holatida) qo‘llanishi mumkin;
  • qonuniy bekor qilinmagan bo‘lsa-da, qo‘llanilmaydi;
  • oliy jazo sifatida qo‘llanadi.

Hozir o‘lim jazosi belgilanganidan so‘ng hukm ijro qilingunga qadar ham ko‘p yillar o‘tib ketadi va ko‘pincha mahkumlar tabiiy ravishda vafot etishadi. O‘sha vaqt mobaynida mahkumga apellyasiya berish imkoniyati beriladi va sud jarayoni bir necha marta qaytalanishi mumkin.

Masalan, AQShning Jorjiya shtatida yashovchi Jek Oldermen xotinini o‘ldirgani uchun 1975 yilning 14 iyunida o‘lim jazosiga hukm qilingan, lekin oradan 33 yil o‘tibgina, 2008-yilning 16-sentyabrida qatl etilgan. 2016 yilning yakuniy ma’lumotlariga ko‘ra dunyo bo‘ylab 22500 nafardan ortiq odam o‘lim jazosini kutib yashamoqda va har yili ularning 1000-1500 nafari qatl qilinadi.

Ko‘pchilik davlatlar amaliyotida davlat rahbarlari (prezident, qirol, bosh vazir) tomonidan o‘limga mahkum etilgan inson avf etilishi mumkin.

Hukmni ijro etish vositalari ham asrlar osha takomillashtirib kelingan. Hozir rivojlangan va bu jazo bekor qilinmagan davlatlarda ko‘proq to‘pponchadan otish, gaz kamerasi, elektr stullar, o‘lim in’yeksiyasi qo‘llanadi. Aksariyat davlatlarda bu jazo qamoqxonalarda va maxsus belgilangan joylarda ijro etilsa, Eron, Saudiya Arabistoni kabi davlatlarda hozir ham bu jazo ko‘pincha omma oldida amalga oshiriladi. Mahkumlar dorga osiladi, xaloyiq tomonidan toshbo‘ron qilinadi. Saudiya Arabistonida ko‘pincha jallod mahkumni cho‘kkalatib qo‘yib, qatl oldidan qilich bilan o‘lim raqsini ijro etadi. Eronda bu jazoga ayniqsa e’tibor beriladi. Xalq yaxshi tomosha qilishi uchun dorlar avtokranlarga baland qilib tikiladi va hatto toshbo‘ronda mahkumning joni tez uzilmasligi uchun olomonga o‘rtacha kattalikdagi toshlar otish tavsiya qilinadi. Iroq va Afg‘onistonning ayrim hududlarida osish usuli ko‘p qo‘llanadi. O‘z davrida bu davlatlarning rahbarlari bo‘lgan Saddam Husayn, Najibullo kabi arboblar ham dorga osilgan.

So‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra quyidagi davlatlarda o‘lim jazosi eng ko‘p qo‘llangan: 1. Xitoy; 2. Eron; 3. Saudiya Arabistoni; 4. AQSh; 5. Pokiston.

O‘lim jazosi Angliyada 1969-yildan, Fransiyada 1981-yildan, GFRda 1949-yildan, Ispaniyada 1975-yildan, Rossiyada 1996-yildan buyon qo‘llanmaydi. Portugaliya 1867-yilda Yevropada birinchi bo‘lib o‘lim jazosini bekor qilgan. Ko‘hna qit’ada bu jazoni hanuz qo‘llab kelayotgan oxirgi davlat Belarusdir. O‘zbekiston 2008-yilning 1-yanvaridan o‘lim jazosini bekor qilgan va bunday qadam qo‘ygan dunyodagi 135-davlat bo‘lgan.

AQShning o‘ziga xos tarixi

AQShda o‘lim jazosi o‘ziga xos tarixga ega. Hatto XX asrga qadar ham ko‘pchilik hududlarda sheriflar jinoyatchi deb hisoblagan odamlarini yakka o‘zlari o‘limga mahkum qilib, shu ondayoq jazoni ijro etaverganlar. Hozir ham turli shtatlar qonunlariga ko‘ra besh xil usul — osish, otuv, elektr stuli, gaz kamerasi, o‘lim in’yeksiyasi qo‘llanishi mumkin. Qatl oldidan mahkumga oxirgi tamaddi imkoniyati beriladi va u xohlagan taomlar taqdim etiladi. Shuningdek, so‘nggi so‘zlar ham tinglanadi. Ijroni advokat, ruhoniy bilan birga mahkumning va u o‘ldirgan kishilarning qarindosh-urug‘lari kuzatib turishlari mumkin. Bema’nilikday tuyular, lekin qatl etiluvchi albatta sog‘lom bo‘lishi shart. Betob bo‘lsa, shifoxonada davolanadi va sog‘ayganidan keyingina hukm ijro qilinadi.

2010-yilga qadar olib borilgan statistikaga ko‘ra 2009-yilda AQShda turli usullar bilan 106 kishi qatl etilgan. Bu o‘lim jazosi qayta qo‘llana boshlangan 1976-yildan buyon eng past ko‘rsatkichdir. 1994-yilda eng ko‘p – 328 marta jazo ijro etilgan.

Osiyo uslubi

O‘lim jazosi hozirgi kunga qadar Yaponiya, Singapur, Malayziya, Shimoliy Koreya kabi davlatlarda ham qo‘llanadi.

Xitoyda o‘lim jazosi nafaqat qotillik, balki iqtisodiy jinoyatlar uchun ham qo‘llanadi va otuv usulida amalga oshiriladi. Ko‘pincha mahkumlar yangi yil oldidan yirik maydonlarda, omma oldida qatl etiladi. Hukm ijro etilganidan so‘ng mahkumning qarindoshlaridan o‘q uchun taxminan 9 yuan undirib olinadi. Agar qarindoshlar pulni to‘lashdan yoki mahkumdan voz kechsa, qatl etiluvchi o‘q pulini to‘lashi yoki shunga yarasha ishlab berishi lozim.

Endi o‘ylab ko‘raylik...

Maqolamiz boshida o‘lim jazosi qo‘llanishi yakuni yo‘q bahslardan biri dedik. O‘lim jazosi tarafdorlari mudhish jinoyatga qo‘l urganlarning bu dunyoda yashashga haqqi yo‘q deb hisoblaydilar. Rossiyada bir ayol farzandining qotili umrbod qamoq jazosiga hukm qilinganida: «Men bir soliq to‘lovchi sifatida o‘z farzandimning qotilini butun umr boqib o‘tamanmi?», — deya e’tiroz bildirgan.

Bu jazoga qarshilar inson boshqa bir insonning hayotiga nuqta qo‘yishga haqqi yo‘q, aks holda bizning o‘sha qotillardan farqimiz qolmaydi, degan fikrni ilgari surishadi. Shuningdek qatl jazo emas, qasosdir, qasos esa faqat haqdandur, deya bong urishadi. Yana xato tufayli nohaqdan hukm qilinganlarda hech qanday imkoniyat qolmasligini ham bu jazo o‘rinsizligiga sabab sifatida ko‘rsatishadi. Ya’ni aybsiz odam xato hukm ortidan qatl qilib yuborilishi tufayli davlatning obro‘siga qattiq putur yetadi. Ayni shu sabab o‘lim jazosini bekor qilishdagi kuchli omillardan biridir. Buning isboti bo‘lgan mana bu faktga e’tibor bering:

53 qotilligi isbotlangan va asosan bolalarning joniga qasd qilgan Andrey Chikatilo qo‘lga olingunga qadar to‘qqiz (!) nafar begunoh inson uning jinoyatlarida ayblanib,  sud hukmi bilan otib tashlangan...

Aziz mushtariy! O‘lim jazosi to‘g‘risida sizning fikringiz qanday? Bu haqda izoh qoldiring!

 

 

Izohlar 7

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring