Buxoroda zar iplar jilosi (foto)
III Xalqaro Zardo‘zlik va zargarlik festivalida dunyo ustalari Buxoroda uchrashdi.
Ko‘hna va boqiy Buxoro shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-apreldagi PQ-5098-sonli qarori asosida nufuzli va an’anaviy III Xalqaro Zardo‘zlik va zargarlik festivali bo‘lib o‘tdi. Madaniyat vazirligi, «Hunarmand» uyushmasi, Turizm qo‘mitasi hamda Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan milliy qadriyatlar va nodir hunarmandchilik an’analarini o‘zida mujassam etgan ushbu festival xalqaro jamoatchilik e’tiborini yana bir bor Buxoroga qaratdi.
Festival erta tongdanoq, «Mo‘jizalar karvoni»ning tantanali yurishi bilan boshlandi. «Ark» qo‘rg‘onidan Labi hovuz majmuasigacha bo‘lgan tarixiy ko‘chalar bo‘ylab o‘tgan yurishda milliy liboslardagi ishtirokchilar, folklor jamoalari, hunarmandlar va san’atkorlar qatnashdi. Qadimiy shahar ko‘chalarida yangragan milliy kuy-qo‘shiqlar, xalq sayillari va amaliy san’at ko‘rgazmalari festivalga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
Tadbir milliy hunarmandchilik an’analarini asrab-avaylash, zardo‘zlik va zargarlik san’atini rivojlantirish hamda Buxoroning boy madaniy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishga qaratilgan. Festival doirasida Poyi Kalon ansambli, Nodir Devonbegi madrarasi kabi tarixiy maskanlarda ko‘rgazmalar, mahorat darslari, konsert dasturlari, «Bukhara Fashion Days – 2026» liboslar namoyishi va xalqaro konferensiyalar tashkil etildi. Shuningdek, 12 ta nominatsiya bo‘yicha xalqaro ko‘rik-tanlov o‘tkazilib, ishtirokchilar ishlari nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan baholandi.
Afrika, Yevropa, Osiyo, Shimoliy Amerika va Tinch okeani mintaqalaridan 38 davlatning 120 nafardan ortiq vakili festivalda qatnashish istagini bildirgan. Shu bilan birga, O‘zbekistonning barcha hududlaridan 300 nafardan ziyod mahalliy hunarmand ishtiroki ta’minlangan. Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda respublika «Hunarmand» uyushmasi tizimida 26 mingdan ortiq a’zo va 119 mingdan ziyod shogird faoliyat yuritmoqda.
Festival doirasida O‘zbekiston xalq ustasi, mashhur zardo‘z Baxshulla Jumayevning 70 yilligiga bag‘ishlangan «Zarrin iplar musiqasi» nomli ijodiy fotoko‘rgazma ham ochildi. Ko‘rgazmada milliy naqshlar bilan bezatilgan liboslar, yirik zardo‘zlik asarlari va xalq qadriyatlarini aks ettiruvchi 25 ga yaqin amaliy san’at namunalari namoyish etildi.
- Zardo‘zlik men uchun shunchaki kasb emas, bu millat tarixi va qalbining ifodasi,-deydi ustoz hunarmand.
Uning ta’kidlashicha, milliy san’atni asrab-avaylash va yoshlarga yetkazish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
Ma’lumot o‘rnida: uch kun davom etgan festivalda Buxoroning eski shahar ko‘chalari bo‘ylab, o‘n mingdan ortiq xorijlik va mahalliy sayyohlar, shuningdek, tub aholi harakatlandi. Bunda xorijlik sayyohlarning mahalliy sayyohlardan ziyod ekanini kuzatish qiyin kechmadi. Hatto, shu uch kunning yuqori darajadagi jaziramasiga qaramay, eski shahar ko‘chalari gavjumlikdan xoli bo‘lmadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter