Farg‘onada IIB boshlig‘i va uning o‘rinbosari «ish»i yuzasidan sud boshlandi

Oliy sud matbuot xizmati bir muddat oldin «Kuno‘z» nashri e’lon qilgan zo‘ravonlik va tuhmat voqeasi yuzasidan Farg‘ona viloyati Furqat tumani IIBning sobiq boshlig‘i hamda uning birinchi o‘rinbosari ustidan sud ishi boshlanganini ma’lum qildi.
Internet nashrning jabrlanuvchiga tayanib ma’lum qilishicha, IIBning ikki nafar mansabdori va yana bir nechta tezkor xodimlari jabrlanuvchi ayol hamda tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘iga tuhmat uyushtirib, ularga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan.
Oliy sud matbuot xizmati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Furqat tumani IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan 39 yoshli A.X. va Furqat tumani IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan 34 yoshli J.R.larga oid jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudida ko‘rib chiqilmoqda.
Tergov organining xulosasiga ko‘ra sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 141-1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi «a», «b» bandlari, 141-3-moddasi (shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish) 2-qismi «b» bandi, 142-moddasi (fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish), 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi, 230-2-moddasi (tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini soxtalashtirish (qalbakilashtirish) 1-qismi va 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
O‘z navbatida, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi ushbu holatni nazoratga olganini ma’lum qildi.
«Ichki ishlar vazirligi va boshqa huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qonuniy qaror qabul qilinishi yuzasidan tegishli parlament nazorati o‘rnatildi», – deyiladi Senat xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter