Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Haydovchilik guvohnomalarini soxtalashtirish bilan bog‘liq jinoiy qilmishlar fosh etildi

Haydovchilik guvohnomalarini soxtalashtirish bilan bog‘liq jinoiy qilmishlar fosh etildi

Illyustrativ foto

Bosh prokuratura tomonidan hududiy davlat xizmatlari markazi xodimlari va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davomida haydovchilik guvohnomalarini soxtalashtirish bilan bog‘liq jinoiy qilmishlar fosh etildi.

Aniqlanishicha, Davlat xizmatlari markazining mutaxassisi jinoiy sheriklari bilan 2025-yil davomida muqaddam haydovchilik guvohnomasi olmagan 72 nafar fuqarodan olingan 616 mln so‘m pora evaziga ularga soxta haydovchilik guvohnomalarini rasmiylashtirib bergan.

Ushbu holat bo‘yicha Davlat xizmatlari markazining bosh mutaxassisi va uning sheriklariga pora olish, pora berish, rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish bo‘yicha ayblov e’lon qilinib, ularning barchasi qamoqqa olingan hamda ularning jinoiy javobgarlik masalasi hal etilgan.

Jinoyatning kelib chiqish sabablari tahlil qilinganida quyidagilar aniqlangan:

Vazirlar Mahkamasining 12.04.2023-yildagi 152-son qarori bilan tasdiqlangan «Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchiligiga nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish uchun hujjatlarni va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish»ning Ma’muriy reglamentiga ko‘ra, haydovchilik guvohnomasini olish uchun nomzodlar haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirganidan so‘ng, unga haydovchilik guvohnoma Davlat xizmatlari markazlari tomonidan berilishi belgilab qo‘yilgan.

Biroq, yuqoridagi holatda nazariy va amaliy imtihonlardan o‘ta olmagan fuqarolarga avtomaktablar yaqinida faoliyat yurituvchi turli shaxslar haydovchilik guvohnomasini xaq evaziga imtihon topshirmasdan, soxta hujjatlari asosida xaq evaziga olib berishgan.

Jinoiy guruh ikki xil usulda soxta haydovchilik guvohnomalarini rasmiylashtirib bergan.

Birinchi usul: Jinoiy guruhning mijoz topish bilan shug‘ullanuvchi vakillari fuqarolardan qalbaki haydovchilik guvohnomasi uchun olingan 500-1000 AQSh dollari evaziga turli shaxslar orqali eski turdagi haydovchilik guvohnomasini qo‘lbola usulda tayyorlashib, fuqarolarga taqdim etishgan.

So‘ngra, jinoiy guruh tuman Davlat xizmatlari markazi xodimiga pora berish yo‘li bilan ushbu fuqarolar tomonidan DXMga qalbaki eski turdagi haydovchilik guvohnomalari topshirilishiga, o‘rniga yangi turdagi haydovchilik guvohnomasi rasmiylashtirishiga erishishgan.

Ikkinchi uchul: Jinoiy guruhning mijoz topish bilan shug‘ullanuvchi vakillari fuqarolardan qalbaki haydovchilik guvohnomasi uchun olingan 10 ming AQSh dollariga qadar bo‘lgan mablag‘ evaziga fuqarolarning haydovchilik guvohnomasi mavjud bo‘lganligi to‘g‘risida hududiy YHHBlar ma’lumotnomalarini soxtalashtirib, ularga soxta QR kodli imzolarni qo‘yib fuqarolarga taqdim etishgan.

So‘ngra, jinoiy guruh tuman Davlat xizmatlari markazi xodimiga berish yo‘li bilan ushbu fuqarolar tomonidan unga soxta QR kodli ma’lumotnomalarni taqdim etib, yangi turdagi haydovchilik guvohnomasi rasmiylashtirishiga erishishgan.

Ikkala holatda ham fuqarolar o‘zlarining muqaddam haydovchili guvohnomalari bo‘lmaganligini bila turib, jinoiy guruh vakillaridan sotib olgan soxta hujjatlar bilan davlat xizmatlari markaziga go‘yoki haydovchilik guvohnomalarini yo‘qotib qo‘yishganligi to‘g‘risida murojaat qilishgan.

Natijada 72 nafar fuqarolarning o‘zi ham hujjatlarni qalbakilashtirish hamda davlat tashkiloti xodimiga pora berish jinoyatlariga sherik bo‘lishgan.

Bundan tashqari, yuqoridagi holatlar bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan viloyatlarda o‘tkazilgan tekshirishda yana 1200 dan ortiq (Toshkent shahrida 440 ta, Navoiy viloyatida 265 ta, Surxondaryo viloyatida 205 ta, Samarqand viloyatida 146 ta, Qashqadaryo viloyatida 33 ta, Sirdaryo viloyatida 20 ta, boshqa viloyatlarda 100 dan ortiq) qalbaki haydovchilik guvohnomalari aniqlanib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Hozirda barcha fuqarolarning qalbaki hujjatlar asosida qo‘lga kiritgan haydovchilik guvohnomalari bekor qilingan va hujjat qalbakilashtirgan hamda ushbu qalbaki hujjatlarni sotib olgan fuqarolarning o‘zini ham jinoiy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, fuqarolarga faqat tegishli avtomaktablarda o‘qib, nazariy va amaliy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan holdagina haydovchilik guvohnomalari rasmiylashtirilishi qonuniy ekanligi, turli xil qing‘ir yo‘llar bilan haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirib ham jinoiy javobgar ham moddiy zarar ko‘rmaslik tavsiya qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring