Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Marg‘ilondagi dahshat. Bolalar uyi bo‘yicha sud qanday bosqichda?

Marg‘ilondagi dahshat. Bolalar uyi bo‘yicha sud qanday bosqichda?

Illyustrativ surat.

Foto: «news-kmv.ru»

Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi 1-mehribonlik uyida inson aqli bovar qilmas jinoyatlar fosh etilgani, xususan, bu yerda tarbiyalayotgan o‘g‘il (!) hamda qizlar g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb etilgani, shu munosabat bilan muassasa rahbari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan edik.

Ta’kidlash kerakki, mazkur ish hozirda butun jamoatchilik diqqat markazida turibdi. Bugun, 21-may kuni ham bu ishga doir navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Biz majlis oldidan jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudining sudyasi Rahmatjon Arapov qisqa muddat suhbatlashdik.

— Bu ish yuzasidan sud jarayoni boshlanganiga bir oydan oshdi (2018-yil 18-aprelda boshlangan). Hozir mehribonlik uyining rahbarlari va xodimlaridan iborat 10 nafar shaxsning ko‘rsatmalari tinglab bo‘lindi. Endi navbat jabrlanganlarga keldi. Ularning ham ko‘rsatuvlari tinglanganidan keyin jarayonga guvohlarni jalb qilamiz va nihoyat muzokaralarga navbat keladi.

— Sud jarayoni hozir ham ochiq tarzda o‘tayaptimi va yakuni qachonga mo‘ljallangan? Hukm o‘qilishida OAV xodimlari ham ishtirok etishi mumkinmi?

—  Mazkur ish bo‘yicha sud jarayoni ochiq tarzda o‘tayotgani haqida avval ham xabar bergan edik. Majlislar ochiq bo‘lib o‘tyapti. OAV xodimlari hozir ham, hukm o‘qilish jarayonida ham qatnashishlari mumkin.

—  Jarayon qachon yakunlanadi va aybdorlarni qanday jazo kutmoqda?

—  Sud yakuniga va hukm o‘qilgunga qadar kimnidir aybdor deya olmaymiz. Endi ko‘pchilikni sud qachon yakunlanishi va sudlanuvchilar aybdor deb topilsa, qanday jazo tayinlanishi qiziqtiradi. Bir masalaga e’tibor qaratishimiz shart — bu ko‘pchilik ishtirokidagi ancha jiddiy ish hisoblanadi. Jarayonda sudlanuvchilardan tashqari o‘n nafar advokat ham qatnashmoqda. Sud majlisi odilona o‘tishi uchun ularning barchasi ishtirok etishi shart. Shuning uchun ham hozir bu ish yakuni bo‘yicha aniq muddatni aytib bo‘lmaydi. Sud barcha sudlanuvchilarga nisbatan qonunda belgilangan adolatli hukm chiqaradi.

Avval xabar berilganidek, tergov organi tomonidan sobiq direktor K.Yakubovga nisbatan Jinoyat Kodeksi (JK)ning 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205-moddasi (mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 209-moddasi (mansab soxtakorligi), 115-moddasi (voyaga yetmagan shaxsning homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash), 127-moddasi (voyaga yetmagan shaxslarni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb etish) bo‘yicha ayb e’lon qilingan.

Shuningdek, direktor o‘rinbosari S.Usmonov, bosh hisobchi A. Mo‘ydinova, hisobchi A.Saidkamalova, feldsher I.Yo‘ldoshev, tarbiyachilar X.Yakubova, R.Abdufattoyev, N.Soliyeva, enagalar D. Jo‘raboyeva, X.To‘rayevaga nisbatan ham Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan ayb e’lon qilingan.

«Xabar.uz» jarayonni kuzatishda davom etadi.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring