Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbek futbolining global kuchi: kimlar xorij klublarida porlamoqda?

O‘zbek futbolining global kuchi: kimlar xorij klublarida porlamoqda?

Yevropa futbol xaritasi O‘zbekiston bayrog‘i bilan tobora ko‘proq bezalmoqda. Bugungi kunda o‘zbek futbolchilari o‘z klublarining ajralmas qismiga aylanib, chempionlik poygalariga ta’sir ko‘rsatmoqdalar. Ularning muvaffaqiyatlari sport yangiliklarining bugungi kun tartibidan tushmayapti.. Har birining shaxsiy yo‘li «Oq bo‘rilar» uchun yangi va shijoatli sahifa ochyapti.

Xo‘sh, futbolchilarimizning Yevropadagi kelajagi qanaqa? Tribuna.uz aynan shu masalaga batafsil to‘xtaladi.

Kutilayotgan Istanbul tandemi

2025 yilning yozi O‘zbekistonning eng yorqin ikki yulduzi – Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayevning «Bashakshexir»ga o‘tishi bilan yodda qoladigan bo‘ldi. Istanbul klubi ular uchun yangi bosqich boshlanganini anglatadi. Shomurodov Italiyada qimmatli, ammo unchalik ham barqaror bo‘lmagan davrini o‘tkazdi. Endilikda u o‘z klubida yetakchilikni zimmasiga olish imkoniga ega bo‘ladi. Tan olish lozim, Eldorda bunday imkoniyat na Rossiyada va na Italiyada bo‘lgan. Garchi u «Roma» bilan UYeFA Konferensiyalar Ligasida g‘alaba qozongan bo‘lsada, klubdagi yetakchilik roli boshqalarda edi. Eldor hali biror marta o‘z klubida sardorlik bog‘ichini bilagiga taqmagan va "Bashakshexir" unga shunday imkoniyatni taqdim etishi mumkin. Hammasi Shomurodovning o‘z qo‘lida.

«SSKA»ning kreativ dvigateli sifatida Yevropa sahnasiga kirib kelgan Fayzullayev esa bu transfer orqali sezilarli darajada oldinga qadam tashlaydi. Rossiya chempionati bizda qanchalik qiziqish bilan kuzatilmasin, Yevropa uchun shunchaki o‘rtamiyonalar qatorida turardi xolos. Rus klublari yevrokuboklardan chetda qolgani esa ularning qadrini yanada tushirib yubordi. Ahvol shu ketishda davom etsa, Abbos "SSKA"da yiliga 30 ta gol ursa ham kuchli beshlikka o‘tishi qiyin edi. Konfederatsiyalar ligasida qatnashadigan "Bashakshexir" bilan esa bu ish karrasiga oson bo‘lishi mumkin.

Bu ikki futbolchining terma jamoada shakllangan hamkorligi Turkiya Superligasida ham namoyon bo‘lsa, istiqbolda katta shov-shuv ko‘tarishi tayin.

Manchesterdagi o‘zbek qo‘rg‘oni: Abduqodir Husanov

O‘zbek futboli yuksalib borayotganining eng muhim belgisi, shubhasiz, Abduqodir Husanovning "Manchester Siti" tarkibida ekani bo‘lsa kerak. Dunyoning eng yulduzli himoya chiziqlaridan biriga kirish ulkan vazifa – Husanov shunchaki u yerda bo‘lib turishi futbolimiz uchun katta ahamiyat kasb etadi. Yosh markaziy himoyachi o‘tgan mavsum o‘rtasida yangi klubga o‘tgan bo‘lsada, qisqa vaqt ichida o‘zini ko‘rsatib, yoshiga xos bo‘lmagan maqtovlarga sazovor bo‘ldi. Dunyoning eng yaxshi murabbiylari qo‘l ostida Husanov shunchaki rivojlanmayapti, u yaqin kelajakda o‘zbek himoyachilarining keyingi avlodi uchun o‘ziga xos etalonga aylanmoqda. Bizga aynan shunaqa futbolchi kerak edi!

Qit’a bo‘ylab boshqa iste’dodlar

O‘zbek futboli mudom iste’dodlarga boy bo‘lgan, ammo hali hech qachon bu qadar e’tirofga sazovor bo‘lmagan edi. Bir vaqtlar Azamat Abduraimov Malayziyada o‘ynagani gazetalarda shov-shuv qilingan bo‘lsa, bugun janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarida qancha futbolchimiz to‘p surayotganini aniq bilmasak ham kerak. Keling, shuning uchun e’tiborimiz markazini terma jamoadagi yetakchi futbolchilarga qaratamiz:

Xusniddin Aliqulov («Rizespor», Turkiya): Ishonchli va qat’iyatli markaziy himoyachi, Turkiya chempionatida o‘z jamoasi himoya chizig‘ining tayanchiga tezda aylandi.

Oston O‘runov («Persepolis», Eron): Eron chempionatida o‘z klubi uchun dominant kuch bo‘lib, faoliyatida qayta yuksalishga erishgan hujumkor yarim himoyachi.

Jaloliddin Masharipov («Istiqlol», Eron): Mahoratli vinger Eron chempionatida texnik qudrat va yetakchilik manbai bo‘lib qolmoqda.

O‘tkir Yusupov («Fulad», Eron): Tajribali darvozabon Eron birinchiligida o‘ljasiga tashlanayotgan burgutga qiyoslanadi.

Futbolchilarimizning muvaffaqiyati shunchaki shaxsiy yutuq emas, balki undanda ko‘proq ma’no kasb etadi. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘taylik, futbolimiz tarixida bugungidan ko‘ra iste’dodliroq avlod bo‘lgandir, ammo yurt jamoasiga, O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bu qadar sadoqatli tarkib bo‘lmagan. Shomurodov bo‘lsin, Fayzullayev yoki Xusanov, har biri mudom terma jamoani klubidan ustun quygan va buni ochiq, baralla aytishdan tortinmagan.

Bu esa millatning orzu-umidlarini yuksaklarga ko‘tarayotgan, umidlarni yirik turnirlarda aniq natijalarga aylantiradigan katta kuchdir. Nasib qilsa, yaqin kelajakda o‘zbek yigitlari katta turnirlarda sovrinlarni boshi uzra ko‘tarayotganini ko‘ramiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring