Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston OTMlarini dunyoning kuchli universitetlari ro‘yxatiga kiritish masalasi ko‘rildi

O‘zbekiston OTMlarini dunyoning kuchli universitetlari ro‘yxatiga kiritish masalasi ko‘rildi

Joriy yilning 27-avgust kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida Times Higher Education xalqaro reyting agentligi va Elsevier xalqaro nashriyot uyi mutasaddilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda inspeksiya matbuot xizmati xabar berdi. 

Tadbirda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev, Times Higher Education xalqaro reyting agentligi yetakchi eksperti Nikola Xorsman, tashkilotning strategik mahsulotlar va qarorlar bo‘yicha direktori Maykl Karuana hamda Elsevier xalqaro nashriyot uyining vakillari, davlat inspeksiyasining tegishli boshqarma boshliqlari ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida xalqaro tashkilotlar vakillari bilan mahalliy oliy ta’lim muassasalarimizni dunyoning kuchli universitetlari ro‘yxatiga kiritish uchun qilinishi lozim ishlar muhokama qilindi.

Ulug‘bek Tashkenbayev xalqaro kompaniyalar vakillariga Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan mahalliy oliy ta’lim muassasalari reytingini aniqlash bo‘yicha amalga oshirilgan va ularning natijadorligi haqida batafsil ma’lumot berdi.

O‘z navbatida Times Higher Education xalqaro reyting agentligining strategik mahsulotlar va qarorlar bo‘yicha direktori Maykl Karuana  iliq qabul uchun minnatdorchilik bildirar ekan, davlat inspeksiya tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar va aniqlangan reytinglar, O‘zbekiston OTMlarining kelgusida xalqaro reytinglarda ishtirok etishida muhim rol o‘ynashi ta’kidlab, ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishini aytib o‘tdi.

Uchrashuv so‘ngida joriy yilning 10-12-sentyabr kunlari Shveysariyaning Syurix shahrida bo‘lib o‘tadigan «Butunjahon Ta’lim Sammit»ida ishtirok etishga kelishib olindi. Ushbu sammitda oliy ta’lim muassasalarining rivojida ilmiy asoslarning shakllantirilishi bilan bog‘liq tavsiyalar, inson kapitalini iqtisodiy o‘stirish bo‘yicha taklif va muhokamalar, qolaversa ko‘plab davlatlar vakillari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun: Times Higher Education xalqaro reyting agentligi mamlakatimizning yetakchi universitetlari vakillarini World University Rankings xalqaro reytingida ishtirok etish uchun ma’lumotlarni taqdim etishga tayyorlaydi. World University Rankings dunyo universitetlarining global reyting mezonlariga muvofiq, O‘zbekistonning yetakchi oliy o‘quv yurtlari rivojlanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tahlil qiladi. THE DataPoint axborot-tahliliy servisi imkoniyatlari bilan tanishtirish maqsadida xalqaro reyting agentligining nufuzli xorijiy ekspertlari ishtirokida seminarlar tashkil qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring