O‘zbekistonda 3 oyda 4 mingdan ortiq egizak chaqaloq tug‘ildi
2026-yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonda 191 ming 86 ta tirik tug‘ilish holati qayd etildi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, ularning asosiy qismi yakka tug‘ilgan chaqaloqlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Ushbu davrda 186 ming 723 nafar holatda bittadan chaqaloq tug‘ilgan. Shu bilan birga, mamlakatda 4 ming 231 ta egizak tug‘ilish holati rasmiylashtirilgan.
Statistikada uch nafar va undan ortiq chaqaloq tug‘ilgan oilalar ham qayd etilgan. Bunday holatlar soni 132 tani tashkil etgan.
Umumiy tug‘ilishlar soni bo‘yicha hududlar kesimida ham sezilarli tafovut bor. Eng yuqori ko‘rsatkich Samarqand viloyatida qayd etilib, uch oyda 23 ming 120 ta chaqaloq tug‘ilgan.
Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati — 21 ming 563 ta va Qashqadaryo viloyati — 21 ming 292 ta tug‘ilish bilan qayd etilgan. Bu hududlar aholi soni va tabiiy o‘sish darajasi yuqoriligi bilan ajralib turadi.
Eng past ko‘rsatkichlar esa Sirdaryo viloyatida — 4 ming 813 ta va Navoiy viloyatida — 5 ming 241 ta holatda kuzatilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa 8 ming 80 ta tug‘ilish qayd etilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter