Prezident: «Iroq ishlab chiqaruvchilarimiz uchun istiqbolli bozor»
Prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish orqali eksport va investitsiyalar hajmini oshirish zarurligini ham ta’kidladi.
Zero, iqtisodiy diplomatiya – yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi daromadlari va turmush darajasini oshirish orqali inson qadrini yuksaltirishga xizmat qiladi. Iqtisodiy xavfsizlik esa davlat xavfsizligining asosiy poydevori hisoblanadi.
Ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar doirasida 2025-yilda umumiy qiymati 160 milliard dollarlik investitsiya loyihalari va savdo shartnomalari bo‘yicha bitimlar imzolandi.
Tarixda birinchi bor tashqi savdo aylanmasi 80 milliard dollardan oshib, eksport miqdori 33,5 milliard dollarga yetdi. Xorijiy investitsiyalar ham keskin ko‘payib, 43 milliard dollardan oshdi.
E’tiborlisi, o‘tgan yili 75 ta davlatga eksport hajmi qariyb 4,5 milliard dollarga ko‘paygan.
Elchilar xorijiy investorlar va yirik kompaniyalar bilan birga ishlasa, bu ko‘rsatkichlarni yanada oshirish uchun imkoniyatlar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, o‘z ishlab chiqarishi deyarli yo‘q bo‘lgan, ichki bozorni to‘ldirish uchun 100 milliard dollarlik mahsulotni chetdan solib oluvchi Iroq mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari uchun istiqbolli bozor hisoblanadi.
Shu munosabat bilan, Iroqdan 150 ta yirik kompaniya O‘zbekistonga olib kelingani ijobiy baholandi.
Ular bizdagi korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, hayron qolganini, oldinlari O‘zbekiston mahsulotlari to‘g‘risida deyarli tushunchasi bo‘lmaganini aytyapti. Ular Iroqda korxonalarimizning rasmiy distribyutorini ochib, Yaqin Sharq bozorlariga jadal kirib borishni reja qilyapti.
Natijada shu yilning o‘zida Iroqqa yuzlab million dollarlik mahsulotlar yetkazib berishga kelishildi.
Tegishli davlatlardagi elchilarimiz Vetnam, Bahrayn, Portugaliya bilan ham shu tartibda ishlab, hamkorlar topishi va bu bozorlarga kirish bo‘yicha ishlashi kerakligi qayd etildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter