Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Profession de fua». IIB xodimi o‘n kunda eplolmagan ishni shifokor o‘n daqiqada uddaladi

«Profession de fua». IIB xodimi o‘n kunda eplolmagan ishni shifokor o‘n daqiqada uddaladi

Foto: «Xabar.uz»

«Jomboy tongi» gazetasining telegram kanalida bir qizni mashina urib ketgani va o‘n kundan buyon uning yaqinlari topilmayotgani haqida xabar joylashtirildi. Tuman tibbiyot birlashmasida davolanayotgan qizni so‘rab hech kim murojaat qilmagach, gazeta jurnalisti va shifokor uning yaqinlarini topishga urinishgan.

Gazeta muxbiri Isomiddin Po‘latov holatni quyidagicha bayon qildi:

— Bugun shifoxonaning jonlantirish bo‘limi shifokori B.O‘rinov bilan yana bog‘landik. Qizning jag‘i singani, haliyam sun’iy yo‘l bilan ovqatlantirilayotgani haqida ma’lum qildi. Holati yaxshilanayotgan ekan. Jarohatlari sabab kimligi, qayerdanligini tushuntirib berolmagan, yozib ko‘rsatolmagan.

Savol tug‘iladi: uning ota-onasi, yaqinlari hozir qayerda va qay holatda?

Qizning rasmini e’lon qilishni istamagandik. Ertaga u tuzalsa, xijolat tortishi mumkin, degan istiholaga bordik. Hech bo‘lmasa, falokat sodir bo‘lgan paytda qanday kiyimda bo‘lgan, biror buyumi bormidi? Shu narsalarni shifokordan so‘rab, e’lonni takrorlamoqchi bo‘ldik.

Qizig‘i, B.O‘rinov qizning buyumlarini ko‘rish asnosida telefon apparati va yaqinlari bilan tushgan ikkita surat ham mavjudligini aniqladi.

Tasavvur qiling, surat va telefon apparati!

Nahotki, shu ikki ashyo bilan shaxsni aniqlash mumkin emas?

Shunaqasi ham bo‘lar ekan!

Xullas, B.O‘rinov apparat xotirasida qolgan (sim karta olib qo‘yilgan ekan!) raqamlar bilan bog‘lanish uchun o‘z telefonidan aloqaga chiqa boshladi. Buni qarangki, biz bog‘langan bir ayol «Urgut tibbiyot kollejida o‘qiydigan qizmi? O‘n kuncha avval menga telefon qilishgandi. Haliyam qarindoshlari topilmadimi?», deb qoldi. 

Ma’lum bo‘lishicha, ayol ham tibbiyot xodimi. Qiz uning qo‘lida amaliyot o‘tagan, ammo u oila a’zolarini tanimasligini aytdi.

Masala oydinlashdi. Demak, qiz tibbiyot kollejida o‘qiydi. 

Muassasa direktoriga qizning rasmini telegram orqali jo‘natdik. Shu orada qo‘ng‘iroqqa javob berayotganlardan yana biri qizning o‘ziga qarindosh ekanini, haqiqatan ham o‘n kun avval yo‘qolib qolganini ma’lum qildi. 

Tez orada qizning onasi aloqaga chiqdi. Quvonchi va xavotirini tasvirlab o‘tirish ortiqcha. O‘n kundan buyon farzandining taqdiridan u xabardor emas! 

Endi vaziyatni yaxshiroq tasavvur qilish uchun ayrim holatlarga e’tibor qaratsak. 

Ya’ni, o‘n kundan beri telefon sim kartasi olib qo‘yilgan va qizning buyumlari bilan yelim xaltaga solingan holatda shifoxonada turibdi. Buyumlar orasini titkilash, bu orqali bemorning yaqinlarini topish shifokorning vazifasiga kirmaydi. Ular bemorni IIB vakillari kelib, ko‘rib ketishganini bilishadi. Shuning uchun ham yuqoridagi vaziyat shifokorlarni unchalik bezovta qilmasligi mumkin. Chunki taskin bor: IIB surishtiryapti!

Xo‘sh, nima demoqchiman?

Telefondan sim kartani kim olib qo‘ydi? Yuqorida bizga «o‘n kuncha avval aloqaga chiqishgandi», degan ayolning gaplariga qaraganda, IIB vakili telefonni ko‘rgan. Agar shunday bo‘lsa, nega bemorning ota-onasi, yaqinlarini qidirib topmagan? Qizning holati haqida xabar bermagan? Vaziyatni oxirigacha oydinlashtirmagan?

Boringki, sim kartani IIB vakili olmagan, Urgut tumani bilan bog‘lanmagan ham deylik. Uning oilaviy suratga, telefonga, qizning raqamlar yozilgan daftariga ko‘zi tushmaganmidi? Agar shunday bo‘lsa, nega bemorning buyumlari orasini yaxshilab ko‘rmagan?

Gapning indallosi, oddiy shifokor o‘n-o‘n besh daqiqada bemorning yaqinlarini topdi. Vaholanki, bu professional vazifasi hisoblangan ichki ishlar xodimlari o‘n kundan ortiq vaqt o‘tibdiki, og‘ir vaziyatga tushib qolgan bir oilaning mushkulini oson qilolmadi...

Bor-yo‘g‘i shu, — deb yozadi jurnalist.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring