Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘iston Qora dengizdagi hodisa yuzasidan xavotir izhor qildi

Qozog‘iston Qora dengizdagi hodisa yuzasidan xavotir izhor qildi

Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi binosi.

Foto: Xabar.uz / Sobir Salim

Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vazirligi Qora dengizdagi neft tankerlari bilan bog‘liq hodisa yuzasidan chuqur xavotir izhor etdi.

Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yerlan Jetibayevga ko‘ra, rasmiy Ostona bu borada Yevropa mamlakatlari elchilari bilan shoshilinch uchrashuvlar o‘tkazdi. Shuningdek, AQSh va boshqa xorijiy sheriklar bilan aloqa o‘rnatdi. Uchrashuvlar davomida xalqaro huquq talablariga muvofiq, ayniqsa, dengiz yo‘llarida uglevodorodlarni tashish xavfsizligini ta’minlash choralarining muhimligi urg‘ulandi.

“Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘iston hech qanday qurolli mojarolarga aloqador emasligi, jahon hamda Yevropa energiya xavfsizligini ta’minlashga doimiy hissa qo‘shayotgani, mamlakat, shuningdek, xalqaro talablarga muvofiq energiya resurslarini uzluksiz yetkazib berishini ta’kidlaydi”, – deyiladi bayonotda.

Ma’lumot o‘rnida: joriy yil 13-yanvar kuni Qora dengizda, Kaspiy quvuri konsorsiumi yaqinida dengiz terminaliga yo‘l olgan uchta neft tankeriga dron hujumi uyushtirildi.

Qozog‘iston neftini tashishi rejalashtirilgan tankerlar barcha zarur ruxsatnomalarga ega ekani va tegishli identifikatsiya uskunalari bilan jihozlangani aytilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, dron hujumi oqibatida ekipaj a’zolari jabr ko‘rmagan. Tankerlarga hali neft yuklanmagani sababli Qozog‘iston eksport resurslariga ziyon yetmagan. Ammo tankerlar ma’lum darajada shikastlangan.

Qozog‘iston TIV shu kabi hodisalar so‘nggi paytlarda tez-tez uchrayotganini ta’kidlab, bu xalqaro energetika infratuzilmasining barqaror ishlashiga tahdid solishidan ogohlantirgan.

“Qozog‘iston o‘z hamkorlarini bunday vaziyatlarning oldini olish uchun qo‘shma choralar ishlab chiqishga va yaqin hamkorlik o‘rnatishga chaqiradi”, – deyiladi rasmiy bildirgida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring