Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rixsivoy Abbosxonov: «Sohamizga oid chiqayotgan qarorlar amalga oshmayapti» (video)

Rixsivoy Abbosxonov: «Sohamizga oid chiqayotgan qarorlar amalga oshmayapti» (video)

Foto: «Turon24.uz»

Brayl yozuvida kitob chop qiluvchi bosmaxonalar faoliyatiga doir qarorlar yetarlicha ijro etilmayapti, deydi Brayl yozuvida kitoblar, darsliklar chop etuvchi bosmaxona bosh muharriri Rixsivoy Abbosxonov. «Maktablarda o‘quv qurollari yetishmaydi, oddiy insonlar ruchka, qalam va qog‘ozlardan foydalanishsa, bizning maxsus daftarlarimiz, grefel deb nomlanuvchi o‘quv qurollarimiz bor, bular bilan maktab o‘quvchilari ta’minlanmagan. Bu o‘quv qurollari O‘zbekistonda hech qayerda ishlab chiqarilmaydi», deydi suhbatdosh.

- Assalomu alaykum, Rixsivoy aka, sizni ko‘rib turganimizdan xursandmiz. Brayl yozuvi haqida gapirib bersangiz.

- Brayl yozuvi fransuz olimi Lui Brayl nomiga qo‘yilgan. U 1809 yili bu yozuvni ko‘zi ojizlar uchun ixtiro qilgan. Yozuvga ko‘ra, olti nuqtali kombinatsiya, ya’ni oltita nuqtaning joylashuvidan harflar hosil qilinadi va bu barmoq sezgisi orqali o‘qiladi. Shu yozuv Brayl yozuvi deyiladi. Ko‘zi ojizlar butun dunyoda va bizda ham shu yozuv orqali o‘z savodlarini oshiradilar, ta’lim oladilar.

Mamlakatimizda 1949 yilda bosmaxona tashkil qilingan va bu bosmaxonada Brayl yozuvida matbaa vositalari – darsliklar, jurnallar, badiiy kitoblar chop etilib, tayyorlanib o‘quvchilarga yetkaziladi.

- Bosmaxona 1949 yilda tashkil etilgan, deb aytdingiz. Bu yerdagi ish faoliyatingizni nimadan boshlagansiz va necha yildan beri ishlab kelasiz?

- 1993 yildan beri shu joyda oddiy harf teruvchilikdan ish boshlaganman. Bugungi kunda bosh muharrirlik darajasiga yetib keldim.

- Bosmaxonaning asosiy muammolari nimada?

- Bizga ochiqdan-ochiq xalaqit beradigan narsalar – sohamizga oid chiqariladigan qarorlarning amalga oshirilmayotgani. Masalan, 2014 yilda bizga 450 ming dollardan ziyod narxdagi yangi texnologiyalarni keltirish to‘g‘risidagi qaror ijrosiz qolib ketdi. 2007 yilda texnologiyalar bo‘yicha «Ijtimoiy himoya yili davlat dasturi»ga kiritilgan mablag‘ (mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi qaror) ham ijrosiz qolib ketdi. Bu yil mart oyida Vazirlar Mahkamasining 247-sonli qarori chiqdi. Ijrosi oktyabr oyiga deb belgilangan bu qaror Brayl yozuvida matbaa uyi tashkil etish to‘g‘risida edi, bu ham ijrosiz qoldi.

Biz harakatimizni oliy va o‘rta maxsus ta’limga yo‘naltirganmiz, zaif ko‘ruvchilarning yo‘nalishi umuman to‘xtab qolgan. Darsliklar sifatini oshirish, o‘quvchilarni avval darslik bilan to‘liq 100 foiz qoplash kerak. Keyin uni sifatli holda yetkazib berish kerak. Maktablarda o‘quv qurollari yetishmaydi, oddiy insonlar ruchka, qalam va qog‘ozlardan foydalanishsa, bizning maxsus daftarlarimiz, grefel deb nomlanuvchi o‘quv qurollarimiz bor, bular bilan maktab o‘quvchilari ta’minlanmagan. Bu o‘quv qurollari O‘zbekistonda hech qayerda ishlab chiqarilmaydi.

Maktabdan keyingi ta’lim – o‘rta maxsus va oliy o‘quv yurtlarida aynan ko‘zi ojizlar uchun hech narsa yo‘q. Ular ham ta’minlanishi, axborot markazlari, kutubxonalarida Brayl yozuvida kitoblar yoki hech bo‘lmasa, Brayl yozuvi printerlari joylashtirilishi kerak. Darsliklarni bosmaxona yetkazib bera olmasa ham, o‘sha printerdan oddiy konspekt sifatida chiqara olinishi kerak. Ovoz yozish studiyalari yopilib ketgan, bularni qayta tiklashimiz kerak, oldinda turgan va hal qilinishi kerak bo‘lgan bu muammolar bor.

Asosiy davlat buyurtmalarini amalga oshirganimiz uchun bu yo‘lda bizga qiyinchilik tug‘ilgan. Moliya vazirligi tomonidan esa bizga asosan xomashyo va ish haqiga pul to‘langan. Boshqaruv apparatini saqlab turish, binolarni kapital remont qilish yoki texnologiyalarni zamonaviylashtirish, yangilarini xarid qilish kabi masalalarda qiyinchilikka duch kelganmiz.

- Moliyaviy muammolardan tashqari, kadrlar muammosi qanday hal qilinadi?

- Mutaxassislar xalq amaliyoti yo‘lidagi ustoz-shogirdlik an’anasi bo‘yicha tayyorlanadi, chunki bizda matbaa yo‘nalishida ta’lim beriladigan joylarda Brayl yo‘nalishi bo‘yicha hech qanday ixtisoslik yo‘q. Mutaxassisni asosan o‘zimiz tayyorlaymiz, malakamizni xorijdagi turdosh korxonalarda oshiramiz. Asosiy hamkorlarimiz – Rossiya va Germaniyadagi tashkilotlar bilan hamkorlik qilamiz.

Oxirgi besh yil bilan solishtirib aytadigan bo‘lsak, besh yil oldin bu joyda 25 ta odam faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunda 42 kishi mehnat bilan band.

- Biz bu yerda kitoblarni ko‘ryapmiz, «Matematika», «Atrofimizdagi olam», «Inglizcha-o‘zbekcha lug‘at» va qo‘lingizda «Alifbo saboqlari» turibdi. Mana shu bir dona kitobni nashr qilish uchun qancha vaqt ketadi?

- Hozir ehtiyoj katta bo‘lgani uchun korxonamizda ham zamonaviy, ham avvalgi texnologiyalar bor, eskilaridan voz kechmaganmiz. Ulardan bir paytning o‘zida foydalanyapmiz. Zamonaviy texnologiyalarimiz yetarli emas, umumiy ehtiyojni qondirmaydi. Shuning uchun ikkala uslubda ishlayapmiz. Bir nomdagi 10 taboqli kitob kitob holiga kelgunicha 3 oy vaqtimizni oladi. Mablag‘ masalasiga keladigan bo‘lsak, bugungi kunda qo‘limdagi kitobning adadi yuz nusxa bo‘lsa, bir donasi oltmish ming so‘mdan tushadi.

Besh yil avval yiliga 8-10 nomdagi darslik yoki matbaa vositalarini tayyorlagan bo‘lsak, bugungi kunda ularning soni 21 taga yetdi. Lekin bu to‘liq ehtiyojni qoplamaydi. To‘liq ehtiyojni qoplash uchun 100 va 120 tagacha nomdagi matbaa mahsulotini tayyorlash kerak bo‘ladi. Hozir bajarayotgan ishimiz ehtiyojning 15 foizini qondiradi.

- O‘zbekistonda ko‘zi ojizlar uchun maxsus kutubxonalar bormi? Agar bor bo‘lsa, ularning holati qanday?

- O‘zbekistonda hozirgi kunda jami 102 ta maxsus kutubxona mavjud. Ular badiiy adabiyotlar bilan yetarli darajada ta’minlanmagan. Faoliyati hozirgi kunda boshlandi, qaror qabul qilindi, lekin hali bu ishlar yo‘lga tushib ketgani yo‘q.

Yetishmovchiliklarni jamlab turuvchi huquqiy hujjat kerak bo‘lib qoldi, deb o‘ylayman. Davlat tomonidan chiqarilishi kerak bo‘lgan bu huquqiy hujjatda faqat matbaa vositalarini nashr etish emas, avvalo, matbaa uyini tashkil qilish, u uyni texnologiyalar bilan ta’minlash, unga kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash kabi hamma narsa qamrab olinishi kerak. Chunki qaysi texnologiya bilan ishlashingiz ma’lum bo‘lganidan keyin mutaxassis yetishtiriladi. Undan keyin matbaa uyiga soliqlar, to‘lovlar, ishlatiladigan elektr energiyasi, gaz, suv uchun beriladigan imtiyozlar kerak. Mana shu imtiyozlarni o‘zida aks ettira olgan, xomashyo bilan ta’minlashga qaratilgan, barcha muammolarni birlashtirgan va bu masalaga yechim beradigan alohida huquqiy hujjat kerak. Bu – mening fikrim.

- Bosh muharrir sifatida ishlashingizdan asosiy maqsad nima?

- Asosiy maqsadimiz – o‘zimiz va o‘zimizga o‘xshagan fuqarolarga yordam berish!

                                                                                                          Hikmat Po‘latov suhbatlashdi

Manba: turon24.uz

Manba: turon24.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring