«Sehrli chapaqay» filmining yopiq premerasi bo‘lib o‘tdi
Bugun, 15-may kuni «Renessans kino uyi»da «Sehrli chapaqay» badiiy filmining yopiq premerasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Kinematografiya agentligi, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, «Your films entertainment», O‘FF hamda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida o‘tkazildi.
Film sport, oila va jamiyat qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan hayotiy voqealar asosida suratga olingan. Kartina tomoshabinga ruhiy motivatsiya, ishonch va g‘alabaga intilish hissini ulashadi.
Ushbu filmda farzandlarni ularning iqtidoridan kelib chiqib, kasbga yo‘naltirish, bu yo‘lda ularni qo‘llab-quvvatlash g‘oyasi ham ilgari surilganini ko‘rish mumkin.

Syujet markazida ota va bola munosabatlari, onaning mehr-muhabbati, tarbiya, do‘stlik va jamoa ruhi turadi. Film davomida bosh qahramonning murakkab hayot yo‘li, sportdagi sinovlari, mag‘lubiyat va umidsizliklarga qarshi kurashi hamda qat’iyat bilan maqsad sari intilishi dramatik uslubda ochib beriladi.
Ta’kidlanishicha, «Sehrli chapaqay» nafaqat sport haqidagi film, balki insoniylik, halollik, adolat va iroda haqidagi asar hisoblanadi. Kartinaning markazida farzand kamoli uchun kurashuvchi ota obrazi orqali hayotiy ibrat g‘oyasi ilgari suriladi.
Film yosh avlodni vatanparvarlik, qat’iyat va sog‘lom turmush tarziga ruhlantirishni maqsad qilgan. Shu bilan birga, film mamlakatda sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan imkoniyatlar va ularning amaliy natijalarini keng jamoatchilikka namoyon etadi.
Film ssenariy muallifi va rejissyori — Habibulloh Haydar. Prodyuser sifatida Fozil Yunusov ishtirok etgan. Filmda asosiy rollarni Sirojiddin Sattorov, Muhammad Nurmuhammadov, Tohir Saidov, Shahlo Temirova, O‘lmas Temur, Ardasher Abdulhayev o‘g‘li va Murod Nasimov ijro etgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter