Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shuhrat Abdurahmonov: «Qopda pul bilan keldim...»

Shuhrat Abdurahmonov: «Qopda pul bilan keldim...»

Foto: penalti.uz

Bugun (13-mart) Andijondagi «Yoshlar markazi»da jamoa a’zolari bilan ashaddiy muxlislar o‘rtasida o‘ziga xos uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «penalti.uz» sayti xabar bermoqda. Tadbirda ishtirok etgan viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov jamoaning ko‘rsatayotgan natijalaridan qoniqish hosil qilmayotganini ochiq-oydin, to‘kilib-to‘kilib aytibdi. Jumladan, hokim shunday deydi:

1

... Men doim futbol ichidagi odamlar bilan muloqotda bo‘laman. Shu paytgacha qaysi murabbiyni xohlashgan bo‘lsa, hammasini olib keldik... Biror marta ularning istaklarini rad qilmadim. Nimani va kimni xohlashsa o‘shalarni olib keldik. Lekin qani natija? Shuningdek, yana bir masala, bu homiylikdir. Albatta, «Andijon» jamoasiga mashina zavodi homiy sifatida biriktirilgan. Lekin hozirgi ahvolni hamma bilib turgandir, mashina narxlarini qimmatlashtirgandi, zavod esa qiyin ahvolda. Butun yuk esa mening bo‘ynimda qolib ketdi. Albatta, menga futbol kerak, menga odamlarning yaxshi kayfiyati kerak, shuning uchun jonim bilan yerning tagidan bo‘lsa ham futbol uchun sharoit yaratib berishga tayyorman. Lekin bir narsani tushuninglarda, yo‘q joydan pul topib, ularga berganimdan keyin meni ham natija ko‘rgim keladimi?

2

...O‘tgan yili bosh murabbiy Aleksandr Xomyakovni istashdi va uni ham olib keldik, bu murabbiyni ancha ta’riflashdi. O‘tgan yili ish boshlagach, vaqt kerak deyishdi. Mana, o‘tgan yilgi vaqt ham o‘tdi. Bu yil esa yana boshlandi. Kuni kecha gaplashsam, yana vaqt kerak deyishyapti. Qachon men ham «Andijon» jamoamiz yutib keldi deya xursand bo‘laman? Mana, hozir ham futbolchilarni oldiga qopda pul bilan keldim. Mana, tarkibni yangilashdi, o‘zlari istagan o‘yinchilarni olishdi. Pistonchini olasan, palonchini olmaysan deb umuman ishlariga aralashganim yo‘q. Bularga esa biroz qattiq gapirsak xafa bo‘lib qolisharkan...

3

... Oxirgi paytlarda stadionga bormay qo‘ydim. Nimaga? Ularga eson-omon yutqazib oldinglarmi deb boramanmi? Mana, 5-6 milliard so‘mga klubning bazasini ham rekonstruksiya qilib beryapman. Aprelda esa jamoaga yangi avtobus ham olib beraman. Endi kelishib olaylik, xo‘p, men yana qiyin bo‘lsa ham jamoa uchun hamma sharoitni yaratib beraman. Lekin shunga yarasha bular ham jonini berib, muxlislarni xursand qilib yutishi kerakmi? Stadionga bormaganim bilan jon kuyuktirib o‘tiraman, nima bo‘lyapti ekan deb. Yordamchimdan hisob qanaqa bo‘layotganini so‘rab turaman. Mana, kechagi kuni Qarshida «Nasaf» bilan o‘ynashdi. Uchrashuv paytida hisobni so‘rasam 1:0 ga yutyapmiz deyishdi. O‘yin oxirigacha indamay tur, yutsa aytasan, yutmasa aytmaysan dedim. Qarasam, jim bo‘lib ketdi. Keyin bilsam yutqazishgan ekan...

4

...Futbolni ham o‘ziga yarasha fanatlari, homiylari bor. Namanganda ham futbol uchun indamasdan pul berib ketadiganlari bor. Boshqa viloyatlarda ham bor. Ammo bizni Andijonda yo‘q. Shuningdek, boshqa viloyat jamoalariga homiy qiladigan tashkilotlarning rahbarlari ham futbolga muxlislik qilishadi. Lekin bizda bunday emas. Men xasrat qilayotganim yo‘q, bilinglar demoqchiman. Klubning bir yillik smetasi 17 milliard so‘m. Gap 17 million yoki boshqa raqam haqida emas, balki 17 milliard haqida ketyapti. Qiyin bo‘lsa-da, jamoamiz uchun moddiy tomondan rag‘batlantirishga harakat qilyapman. Lekin meni ham natija ko‘rgim keladi. Agar «Andijon» yutib turaversa, puldan umuman muammo bo‘lmaydi. Klubdagilardan natijani so‘rasam, bunga vaqt kerak deyishyapti. Axir men buni 7 yildan beri kutyapmanku, yana qancha vaqt kerak? Yana qancha kutishim kerak? Tushunaman, kuchli jamoalar bor, men ular bilan raqobatlashib, tengma-teng o‘yna deyayotganim yo‘q. Ammo hech bo‘lmaganda «Andijon» ham 5-6-o‘rinlarda yurishi kerak-da?!

5

... Jamoangiz nechanchi o‘rinda deyishsa aytgani ham uyalaman. O‘zi hech nimaga qaramasdan jamoani shartta birinchi ligaga tushirib, hadeb palon millionga u yoki bu o‘yinchini olib kelavermasdan faqat o‘zimizni mahalliy yoshlardan yangitdan jamoa tashkil qilib o‘ynatishni o‘ylab qolaman. Lekin bular yo‘q, bunday qilsak muxlislarimiz xafa bo‘ladi deyishgani uchun mayli, deb jamoani Superligada ushlab turibman. O‘tgan yili shu darajada bo‘ldiki, futbolchilarga hattoki, uyingdagi muammoingni ham ayt dedim, yerlar olib berdim, bog‘lar qilib berdim. Lekin shuncha qilganlarimizga qaramay, hech nima bo‘lmagandek jamoadan ketdi. Andijondan boshqa jamoalarga ketib «ko‘karib» ketganlarni ko‘rganim yo‘q...

6

... Men doim jamoamiz uchun sharoit yaratishga tayyorman. Ammo o‘zlari ham ishlashsinda, agar eplay olishmasa, ketishsin. Men doim sizlar uchun xizmat qilishga hamisha tayyorman. Men hech qachon pul berishdan qochmayman. Men faqat natijasi yo‘q o‘yindan qochyapman. «Navbahor» bilan bo‘ladigan o‘yinda yutmaslikning iloji yo‘q. Men ham jamoamizning g‘alabasini xohlayman. Lekin yomonni o‘ylamaguncha yaxshisi bo‘lmaydi deganlaridek, hech bo‘lmaganda durang o‘ynashsa ham men qopda pul bilan boraman. Mana, hozir 450 million pul olib keldim. Ertaga esa kechgacha yana 500 million pul beraman, bularga. Shu kungacha futbolchilardan birorta qarz qolmaydi. Xudoim futbolchilarimizga kuch-quvvat bersin. Bular natija ko‘rsatishsin, men esa moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlayman. «Navbahor»ni yutadigan bo‘lishsa, bularga zo‘r sovg‘a bilan boraman...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring