Toshkent ko‘chalari uchun joriy yilda 200 ta elektrobus keltiriladi – Transport vazirligi

Joriy yil oktyabr oyida «Toshshahartransxizmat» AJga 200 ta yangi 12 metrli elektrobus keltirilishi rejalashtirilgan.
Bu haqda Toshkent shahrida tirbandliklarni kamaytirish bo‘yicha yuborilgan senator so‘roviga asosan Transport vazirligining bergan javobida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, yangi xarid qilinadigan avtobuslar hisobidan qo‘shimcha 4 ta yangi avtobus yo‘nalishini tashkil etish, amaldagi 6 ta yo‘nalish qatnov yo‘lini o‘zgartirish, amaldagi 4 ta yo‘nalish jadvallari sonini oshirish, shuningdek, Toshkent viloyatida tashkil etilgan 467, 470, 472, 473, 477-sonli avtobus yo‘nalishlarini brutto-shartnomasi asosida harakatlanuvchi Toshkent shahri yo‘nalishlari hisobiga o‘tkazish belgilangan (taqdimot ilova qilinadi).
Shuningdek, poytaxtning aglameratsiya hududlari bilan bog‘lovchi yangi shahar atrofi magistral yo‘nalishlari tarmog‘ini joriy etish rejalashtirilgan. Mazkur ishlarni yo‘lga qo‘yish natijasida shaharga kirishda, shahar ichida burilib olishda avtobuslar uchun xavfsiz harakatni tashkil etish, transportdan transportga yo‘lovchilarning qulay xavfsiz o‘tishini ta’minlash kabi qator infratuzilmaviy loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Shu sababli Toshkent shahri uchun 2026-yilda qo‘shimcha 1 000 ta yangi zamonaviy avtobus olib kelinishi belgilangan.
Natijada:
- 30 ta o‘ta katta sig‘imli (18 metr);
- 500 ta katta sig‘imli (12 metr);
- 470 ta o‘rta sig‘imli (9 metr) zamonaviy avtobus va elektrobuslarni xarid qilish belgilangan.
Bunda, Toshkent shahri yo‘nalishlari tarmog‘i, aholi punktlari va yangi turar joy ob’yektlaridan kelib chiqqan holda mazkur avtobuslar 48 ta yo‘nalishda brutto-shartnoma asosida harakatlanishi ta’minlanadi. Toshkent shahriga kelishi kutilayotgan yangi avtobuslar va elektrobuslar uchun 3 ta zamonaviy avtosaroyni yo‘nalishlar kesimida nolinchi masofaga yaqin bo‘lgan (Yangi Toshkent) yer maydonlaridan ajratish rejalashtirilgan. Yuqoridagi maqsadlar amalga oshishi natijasida Toshkent shahrida jami 2 891 ta avtobus harakatlanadi o‘rtacha qatnov davomiyligi o‘rtacha 30 daqiqani, yillik tashiladigan yo‘lovchilar 750,0 mln nafarni tashkil etadi.
Manba: senat.uz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter