G7 Rossiyaga qarshi neft sanksiyalarini yumshatmaslikka kelishdi
«Katta yettilik» (G7) davlatlari Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashganiga qaramay, Rossiyaga qarshi joriy etilgan neft sanksiyalarini yumshatmaslikka kelishdi. Bu haqda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron G7 davlat rahbarlarining videokonferensiyasi yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi.
Uchrashuvda Yaqin Sharqdagi mojaro, xususan AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari ortidan yuzaga kelgan iqtisodiy oqibatlar muhokama qilingan. Eng katta ta’sirlardan biri Eron tomonidan Hurmuz bo‘g‘ozi orqali neft tashishga to‘sqinlik qilinishi bo‘lgani ta’kidlangan. Bu esa jahon bozorida neft taqchilligi va narxlarning keskin oshishiga olib kelgan.
Ayrim G‘arb davlatlarida yoqilg‘i tanqisligi va narxlarning oshishi fonida Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalarni qayta ko‘rib chiqish takliflari ham bildirilgan.
Biroq Makronning aytishicha, G7 davlatlari bunday qadamga bormaslikka qaror qilgan.
«Bu vaziyat hech qanday holatda Rossiyaga qarshi amaldagi sanksiyalarni bekor qilishni oqlamaydi», – dedi Fransiya prezidenti.
Videokonferensiyada Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen ham ishtirok etgan. U muloqotdan so‘ng ijtimoiy tarmoqda bayonot berib, Yaqin Sharqdagi vaziyatni «tashvishli» deb atagan.
Fon der Lyayen ta’kidlashicha, Yevropa davlatlari joriy qilgan Rossiya neftiga narx chegarasi bozorlarni barqarorlashtirish va Rossiya daromadlarini cheklashga yordam beradi.
«Hozir sanksiyalarni zaiflashtirish vaqti emas», – dedi u.
Shuningdek, u Xalqaro energetika agentligining (IEA) tashkilotga a’zo davlatlar strategik zaxiralaridan 400 million barrel neft ajratish qarorini ham qo‘llab-quvvatlagan.
G7 tarkibiga AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Kanada va Yaponiya kiradi. AQSh prezidenti Donald Tramp ham videokonferensiyada ishtirok etgan.
Avvalroq Tramp neft narxlarini tushirish uchun ayrim sanksiyalarni vaqtincha yumshatish ehtimolini tilga olgan edi.
Shuningdek, AQSh moliya vaziri Skott Bessent Vashington Hindistonga dengizdagi tankerlarda bo‘lgan Rossiya neftini 30 kun davomida sotib olishga ruxsat berganini bildirgan. Bu chora vaqtinchalik ekani va Rossiyaga katta moliyaviy afzallik bermasligi ta’kidlangan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter