Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

Jurnalist surishtiruvi: Sulton suyagini xo‘rlamaydimi?

Jurnalist surishtiruvi: Sulton suyagini xo‘rlamaydimi?

Foto: «advocatemskw.ru»

Bo‘rttirilgan ayblov, «suvdan quruq chiqarilgan» sudya va «maqolalar poygasi» haqida bir-ikki shingil...

1

...To‘rt nafar advokat, sudlanuvchilarning o‘nlab qarindoshlari hamda ushbu jumlalar muallifi tirik guvohi bo‘lgan voqe’lik «tasdig‘ini topmabdi»?!  O-la!. «Oq»ni «qora» deya qog‘oz bejamoq buncha oson bo‘lmasa?! Bunaqa «mo‘’jiza» sudda ro‘y berayotgani, xohlaysizmi yoki yo‘q, qadim matalni yodga solaveradi: «O‘ynashmagin arbob bilan....».

2

Holatni ochiqlasak: jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shtepa (Farg‘ona viloyati) tuman sudi raisi Sh.Shamshiyev shu yilning 19-aprel kuni to‘rt nafar sudlanuvchiga nisbatan (22-29 yosh oralig‘idagi yigitlar) besh yildan olti yarim yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum etish jazosi  tayinladi.

Qilmishiga yarashadir-da, dersiz?

Avval hukm o‘qish jarayoni haqida gaplashsak (jinoyat va jazo xususida sal pastroqda so‘z yuritiladi). Shuning o‘zida ancha-muncha gap bor.

3

...Ikki oyga cho‘zilgan sud poyoniga yetib, tomonlar (prokuror va advokatlar) muzokaralarini tinglangach, maslahatxonaga kirib ketgan sudya... uch daqiqada (!)   chiqasola sharrillatib hukm o‘qivorsami?! Yo, falak! Qonunda (JPK, 457-modda) maslahatxonada hal etilishi lozim bo‘lgan o‘n oltita (!) masala qatorlashtirib qo‘yilgan, ularni o‘rganib, har biriga huquqiy baho berishga uch daqiqa  kifoya qilgani  fantastikadan boshqa narsa emas?! Bu muzokaralar xo‘jako‘rsinga o‘tib, hukm avvaldan tayyorlab qo‘yilganini anglatmaydimi? Ta’nada mantiq bo‘lmasa, ayting...

4

Ayni holat, o‘nlab guvohlarga qaramay, sudyaga nisbatan o‘tkazilgan xizmat surishtiruvi «tasdig‘ini topmagani»-chi?! Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi malaka hay’atining bunday xulosasi («tasdig‘ini topmadi-i...») yana bir narsani anglatadi: hukm apellatsiya bosqichida o‘z kuchida qoladi. Negaki, xizmat surishtiruvi ketayotgan paytda «ish» hali apellatsiya bosqichida ko‘rilmagan, bu jarayonda sudyaning «suvdan quruq chiqarvolinishi» esa hukm «brak» bo‘lmasligiga kafolat edi go‘yo... Rost-da, yuqori sud mas’ullari yosh salafining yuziga bir qo‘li bilan tarsaki tushirib, ikkinchisi bilan «sho‘rpaxta» bosmaydi-ku, axir?!

       Bashorat o‘zini to‘la oqladi: hukm o‘zgarishsiz qoldi.

       Sulton suyagini xo‘rlamas deganlari shumikan?

5

Endi asosiy gaplarga o‘tsak.

Sudlanuvchilar  bir xil qilmish – Jinoyat kodeksining 277-moddasi  2-qismi «b» bandi (bezorilik, guruh bo‘lib) va 137-modda 2-qism «v» bandi (bir guruh shaxslar tomonidan odam o‘g‘rilash) bilan aybdor deb topilgandi. Ayblovlarni ko‘rib, vahimaga tushmang. Rost, yigitlarni «oppoq» deb bo‘lmaydi, qilmishiga mutanosib jazoga loyiq, biroq undan ortig‘iga emas.

6

...2017-yilning 11-dekabri. O‘sha tun Toshloq tumani Axshak MFY hududidagi dala-hovlida Rahim Yusupov (1989-y.t.)  bilan «birga o‘tirgan»  Mohira  To‘xtasinovaning (ayolning ismi-sharifi o‘zgartirildi – T.A.) qo‘l telefoni bir marta jiringlab o‘chdi. «Gudok» tashlagan «Alfons» ekan.

«Alfons» – Nodir Gaibov. Ayol unga shu «ism»dan o‘zgasini ravo ko‘rmaydi. Ular ikki yilcha «sevishib», so‘ng yo‘llari  ayro tushgan.  Bu «sho‘xlik»ning mevasi sifatida o‘rtada qizaloq tug‘ilgani qoldi. Nodir go‘dakni tan olmas, shu barobarida ayoldan uzil-kesil ko‘ngil uzolmas ham edi. Tez-tez bezovta qilib, yana «sevishish»ni taklif qilar, Mohira xiyol rag‘bat ko‘rsatguday bo‘lsa, «izhori»ning keyingi bosqichiga o‘tardi: «Puldan ber, jonim...».

Bu orada Mohira Rahim Yusupov bilan «topishdi». Nodirning «izhorlari»dan to‘yib ketgan ayol unga bu haqda aytdi ham: «Boshqasini topdim!..». Gapiga isbot sifatida R.Yusupovning uyali telefon raqaminiyam berdi: «Ishonmasangiz, o‘zidan so‘rang!»

Shundan keyin ham «Alfonsjon» o‘zini tiysa, qani?!

Mana, allamahalda yana «gudok» tashlab turibdi. Yo ichvolgan, yo «tortvolgan»: odati shu – sarxush paytida «muhabbati xuruj» qilib qoladi...

7

Kim bilsin, ayolga xos xudbinlikmi yoki teshik kulcha ko‘chada yotmasligini sobiq «sevgilisi»ga ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ldimi, xullas, Mohira «gudok»ka o‘sha zahoti javob qaytardi: «Nima deysiz?». U yoqdan sarxush Nodirning ovozi  keldi: «Qayerdasa-an?!»

Bu payt  sal narida Rahim Yusupov telefonda kim bilandir gaplashar, uning ovozi «sotka»da «sobiqa»ni izhorlarga ko‘mishga chog‘lanayotgan Nodirga bemalol eshitilib turardi. Bundan shirakayf Nodirning jazavasi qo‘zidi: «Yoningdagi ki-im?». 

– «O‘sha-a»...

Ayol shunday deya, telefonni bosib qo‘yaqoldi.

Ko‘p o‘tmay, Rahimning telefoni jiringladi: Nodir! Mohira bergan raqamni saqlab qo‘ygan ekan-da...

8

... «Kundoshlar»ning (ta’bir joiz bo‘lsa, albatta) salom-aliksiz boshlangan telefondagi suhbat zum o‘tmay haqoratlar «musobaqasi»ga aylanib ketdi. U yoqda Nodir, bu yoqda Rahim bir-birining yetti pushtini armonsiz ag‘dar-to‘ntar qilishgach, yuzma-yuz – erkakcha gaplashib olishga kelishishdi. Rahim Farg‘ona shahriga – Nodir aytgan manzilga mashina yuboradigan bo‘ldi.

–  Kelasan-a? 

–  Bora-aman!!!

9

Nega Nodirning oldiga Rahimning o‘zi bormadi? Undayam jindek «gaz» bor edi. Shu sabab yonida bo‘lgan og‘aynisi Dilmurod Azimovga (1988-y.t. ayni o‘sha paytda ulfatchilik uchun dala-hovliga kelgandi) «Lasetti»ning kalitini tutqazdi: «Anavini shu yerga olib kel, Farg‘onaning falon joyida kutadigan bo‘ldi...». Dilmurod yo‘l-yo‘lakay yana ikki tanishi – Mo‘min Mo‘minov (1996 y.t.) va Farruh Millabevni (1994 y.t.)  olvoldi:  ketdik, bir joyga borib kelamiz...

10

...Aytilgan manzilda, darhaqiqat, Nodir Gaibov kutib turgan ekan. «Raqiblar» avval bir-biri bilan ko‘rishmagan, gaplashmagan (Nodir Rahimni orqavorotdan sal-pal bilishini aytmaganda) notanishlar edi. Qarasaki, «elchilar» bitta emas. Buni Rahimning qo‘rqoqligiga yo‘ygan Nodirning «duxi»ga qo‘shilib, jazavasi yanayam ko‘tarildi: «O‘zi kelmadimi? He, unaqa qo‘qroqning onasini...». «Elchilar»ning: «So‘kinavermang, yuring, sizni kutyapti, o‘sha yerda gaplashvolasizlar», degan taklifiga qo‘rs munosabatda bo‘lib, bittasining yoqasiga qo‘l yuborayozdi hatto. Natijada ikki o‘rtada mushtlashuv boshlandi. Nodirning yaxshilikcha mashinaga chiqmasligi oydinlashgach, uch yigit kuch bilan uni o‘tqazmoqchi bo‘lishdi. Bundanam natija  chiqmagach, shartta mashina yukxonasiga «joylab», yo‘lga tushishdi...

11

Dala-hovlida ortiqcha gap-so‘z bo‘lmagani, kuch ishlatish ne, «raqiblar» bosiqlik bilan gaplashib, hatto uzrxonlik qilishgani keyinchalik o‘tkazilgan sud majlislarida takror-takror tasdiqlanadi. Bu orada ul-bul yegulik olib kelindi. Chog‘roq dasturxon tuzalib, Nodirni «ellikta-ellikta»ga taklif etishdi. Nodir aroqqa rag‘bat ko‘rsatmadi, biroq «tozasi» bo‘lsa, chekishdan bosh tortmasligini aytdi. Rahim «tortmas» ekan, ulfatchilik nasyaga qoldi...

Nodirni mashinada kuzatib qo‘ydilar. Bor gap shu.

Shu tariqa «hammasi yaxshilik» bilan yakun topgandek edi. Biroq, oradan o‘n kunlar o‘tib, yigitlar birin-ketin hibsga olindiki, bu «hammasi yaxshilik bilan» tugamagani, aksincha, haqiqiy dahmaza endi boshlanganidan dalolat berardi...

12

...Tergov o‘z nomi bilan tergov-da: bu jarayonda ayblanuvchidan farishta yasalarmidi?! Aksincha, yo‘q ayb «topilishi» mumkin, bori esa ko‘pirtiriladi, kamiga tergovchi «dejurniy statya» ham ilvoradiki, ehtiyot shart: sudda biri bo‘lmasa, ikkinchisi bilan hukm o‘qilishi ehtimoli katta... Bu illat «an’ana» darajasiga ko‘tarilgan, hali-veri qutulmoq maholday. Mayli, tergov ayblovlarni bo‘rttiraversin, oldinda sud bor. Zamon o‘zgaryapti: huquqiy islohotlar sabab sudlardan uncha-muncha tushovlar yechildi. Ozdir-ko‘pdir oqlov hukmlar ham chiqyapti...

13

«Polvonlar»ga oqlov yo‘l bo‘lsin-a, ammo umid bor katta: sudda ayblovlar sarak-puchakka ajratilib, har kim qilmishiga yarasha «nasibasi»ni oladi. Rost-da, yigitlar guruh bo‘lib, bezorilik qilgani inkor etib bo‘lmas haqiqat (JKning 277-moddasi  2-qismi «b» bandi). Ammo  tergov ko‘pirtirganidek, «bir guruh bo‘lib, odam o‘g‘rilash» (137-modda 2-qism «v» bandi) ayblov o‘ta-o‘ta bahsli...

14

O‘g‘rilik, xossatan, «odam o‘g‘riligi»ning asosiy nuqtalarini tasavvur qilishga urinib ko‘raylik. Avvalo, maqsad-muddao, so‘ng  uning ro‘yobi uchun  qasd(!) qilinadi (jinoyat qonunchiligida «qasddan» degan so‘z tez-tez duch uchrashining boisi shunda). Keyin kamida uchta uzviy harakat amalga oshirilishi lozim: 1. «O‘lja» ushlanadi (buning uchun maxsus tayyorgarchilik kerak!). 2. Ushlangach, kimsa bilmas joyga yashiriladi. 3. O‘sha joyda tutqunlikda saqlanadi...

«Polvonlar» odam o‘g‘rilashga qasd(!) qilishganmidi? Yo‘q! Buning uchun maxsus tayyorgarlik ko‘rilganmi? Yo‘g‘-a! «O‘lja» yashirildimi? Yo‘q-da! Tutqunlikda saqlandimi? Yo‘q, yo‘q... Jabrlanuvchi qayeriga borishi mumkinligi haqida uyidan chiqmayoq yetarlicha tasavvurga ega bo‘lgani inobatga olinsa, ortiqcha gap-so‘zga hojat qolmaydi. Rost, «raqibi» o‘rniga boshqalar keldi. Ikki o‘rtada gap qochdi, musht otildi. «Tili uzunligi» sabab, bir-ikki musht yegach, ixtiyoriy boradigan joyiga, ixtiyorsiz «borishiga» to‘g‘ri keldi. Keyin-chi? Borilgan manzilda «erkakcha gaplashvolingach», yana aytgan joyiga olib kelib (!) qo‘yildi...

Uying pulga to‘lgur,  shu  «odam o‘g‘rilash» bo‘ldimi?!

15

Aytishingiz mumkin: «rashk» tufayli tunda begona yigitga qo‘ng‘iroq qilib, yetti pushtini «alqab»,  janjal urug‘ini sepgan jabrlanuvchining o‘zi-ku?.. To‘ppa-to‘g‘ri! Biroq qonun shundayki, «raqiblar»ning xatti-harakatlari jinoyatga tortar ekan, g‘avg‘oga kim sababchi bo‘lmasin, kaltak yegan jabrdiydagi aylanib qolaveradi. Mana, ko‘rdik: janjalning «mirishkori» jabrlanuvchiga aylandi. Haqoratlarda oriyati og‘rib, bilak kuchini ishlatganlar jamiyat uchun jinoyatchiga, boz jabrlanuvchi uchun  «sog‘in sigir»ga aylandi. «Musht ketdi»da yengil shikast (uch kun nari-berisida ko‘rmaganday bo‘lib ketiladigan jarohat) olgan ekan: shuginaning moddiy tovoni aybdorlarga o‘n bir million so‘mdan ko‘proqqa tushdi (pul sud tartibida undirilgani yo‘q, «delo» hali sudga yetib ulgurmay jabrlanuvchining talabiga muvofiq to‘lab qo‘yilgan)...

16

Shunaqa, qonun «erkakchilik»ni ko‘pam ko‘taravermaydi, «gapga otvechat qildirish» ham huquqiy me’yorlarga to‘g‘ri kelmas ekan, qo‘lga kishan tushaveradi. Agar jabrlanuvchi,  chetdan birovning aralashuvisiz, yolg‘iz-bir odamdan «yegani»da edi, bu hol jinoyat darjasiga bormas, masala «ma’muriy ish» shaklida jarima bilan tinib-tinchib ketardi, ehtimol. Ammo misolimizdagi janjalda uch yigit ishtirok etmoqda, kamiga ularning «katta»siyam bor! Bu tayyor guruh-ku?! Sho‘rlariga sho‘rvalar to‘kilsinki, «guruh»ning jazosi boshqacharoq bo‘ladi. Ustiga ustak, bu yoqda tergov ham qarab turmadi: qip-qizil bezorilik jinoyatidan tashqari puflab-puflab «odam o‘g‘rilash»niyam yasashdi: «...olindan til biriktirib, odam o‘g‘rilab... urib-do‘pposlab, mashina yukxonasiga solib... dala-hovliga olib kelib... bo‘yniga pichoq tirab... o‘ldirish bilan qo‘rqitib...»  va hokazo, hokazo...

17

«...dala-hovliga olib kelib... bo‘yniga pichoq tirab... o‘ldirish bilan qo‘rqitib...»? Ha, shundoq! Yigitlar hibsga olingach, voqea joyi – dala-hovlini ko‘zdan kechirgan «operlar» oshxonada turgan uchta osh pichog‘ining ikkitasini «ish»ga qo‘shib qo‘yishdi: mana, «ashyoviy dalil»! «Ashyoviy dalil» xususida tergovda gapirmoq («bu oddiy oshxona pichog‘i, shu yerda, ro‘zg‘orda foydalanadigan oddiy matoh-ku. Xo‘p, «daliliy ashyo» dedingiz ham, xo‘sh, undan kimning barmoq izlari topilibdi?») toshga azon aytish bilan barobar ediki, jin ursin, bilganini qilmaydimi?! Oldinda sud turibdi, bunaqangi  asosi mo‘rt ayblov sochilib ketmasinmi hali!..

Biroq...

18

...sudda ayblovlar sochilmadi, «odam o‘g‘riligi»ning asl mohiyati ochilmadi! Sudyada  «ish»ga chuqurroq kirish  ishtiyoq yo‘qligi avvaldanoq belgiligi edi, ammo adolatdan qattiq umid  qilganlar bunga ko‘pam e’tibor berishmadi, chamasi. Adolatdan umidki, sudlanuvchilar aybsiz emas, biroq jazo qilmishiga yarasha bo‘lsin! Hech kim odam o‘g‘rilagani yo‘q, axir?! Ikki «raqib» bitta ayol (?!) sabab o‘rtada qo‘pgan munosabatga erkakcha oydinlik kiritmoqchi bo‘ldi. «Erkakchilik»ni qonun ko‘tarmas ekan, mana, bilishdi,  jazosi  bosh ustiga! Bu jarayonda «alfons»larning diydiyosi hisobmi – gap yo‘q: uzr aytildi, zarar ortig‘i bilan to‘landi, qolganiga zorlari boru zo‘rlari yo‘q...

19

«...sudyada «ish»ga chuqurroq kirish ishtiyoqi yo‘qligi avvaldanoq belgiligi edi», dedik. Shu gapga izoh bersak. Sudya «ish»ni o‘z tashabbusiga ko‘ra jabrlanuvchini so‘roq qilishdan boshladi. Na advokat, na prokuror, na-da xalq maslahatchilarining fikrini oldi?! Taomilga ko‘ra, suddagi so‘roq-savol sudlanuvchilardan boshlanadi. Sudyaning bu tashabbusi nimalarga olib keldi, deng? Jabrlanuvchi advokatlarning ba’zi savollariga javob berishdan oshkora bosh tortdi, oddiy odob me’yorlariga mos kelmaydigan xatti-harakatlari bilan ko‘pchilikning ensasini qotirdi. Natijada g‘ala-g‘ovur ko‘tarilib, sud majlisi boshqa kunga qoldirildi.  Shundan keyin hech kim uning  qorasini ko‘rgani yo‘q: Rossiyaga survoribdi, boyaqish!..

Jabrlanuvchining chala so‘roq qilinishi jinoyatning asl mohiyatini ochishga izn bermasligi ayon. Chunki, sud tergovi davomida sudlanuvchilaru guvohlar va boshqa protsess ishtirokchilari bilan yuzma-yuz qilinishi,   qo‘shimcha savollar berilishi ehtimoli juda yuqori. Aks holda, ish yuzasidan hamma holatlarga oydinlik kiritish imkoni cheklanadi. Shunga qaramay  jabrlanuvchini eldan burun so‘roq qilib, shu orqali go‘yoki horijga «oq yo‘l» tilavorilishi – sudyada «ish»ni chuqurroq ko‘rishga ishtiyoq yo‘q edi, demoqqa asos beradimi?.. Rahmat.

20

Muammo jabrlanuvchining sud tugamay Rossiyaga survorishiyu sudning bunga imkoniyat yaratib berganidami? Bu hukmga yaxshigina ta’sir qilishi mumkin  bo‘lgan holat, albatta. Yana bir «ish»ga ta’sirli holatki, bunisi sud jarayonida advokat  va sudya o‘rtasida kelib chiqqan «tushunmovchilik»ka (juda yumshoq aytganda) borib taqaladi. Advokat sud majlisi olib borilishiga jiddiy e’tiroz bildiraverdi, raislik etuvchi o‘ziniki ma’qul deb topaverdi. Sudda jilov raislik etuvchining qo‘lida. Baribir uning aytgani bo‘ladi. Rad etiladigan e’tirozlarga javob aniq: «...norozi bo‘lsangiz, yuqoriga yozaverasiz!» Hukm o‘qilgach, uni (hukmni) ololmay advokatlar sarson bo‘lib, yuqori instansiyalarga murojaat qilishga  borgani zamirida ham sudyaning (advokatdan) «achchig‘i chiqib qolgani» yotgan ko‘rinadi. Bunaqa ta’nalar og‘zidan chiqmay yoqaga yopishtiriladi odatda: «Toming ketganmi, sudlar faqat qonunga bo‘ysunadi?!». «Tom» joyida, hamma balo ayrim huquq peshvolarining o‘sha qonunlarga ko‘pam bo‘ysunmasligida! Hech kim osmondan osili-ib tushmagan, xom sut emgan banda borki, vallomat bo‘lsayam adovat tuyg‘usidan begona emas. Shu nuqtai nazardan, bunaqa «tushunmovchilik» nainki tomonlarning o‘zaro munosabatiga, balki hukmga ham ta’sir etishi ehtimolini inkor etish qiyin. Ko‘pni ko‘rgan ushbu «ish»dan boxabarlar  bejizga aytmayotgandir, axir: «Agar sudyaning achchig‘ini chaqarib qo‘ymaganingizda-a...».

Norozi bo‘lib yozilgan ariza-yu shikoyatlarning natijasini ko‘rib turibsiz: «tasdig‘ini topmayapti»!  Ya’niki, sulton suyagini xo‘rlayotgani yo‘q!

21

Aytgancha, advokatlarning yozganlari  yoppasiga rad etildi desak, ko‘pam haqiqatga to‘g‘ri kelmas ekan. Sud bayonnomasiga nisbatan bitilgan o‘n bitta banddan iborat e’tiroz-mulohazalarining (bayonnomaga yolg‘on ko‘rsatmalar kiritilgani, unga (bayonnomaga) ish uchun o‘ta muhim gaplar buzib yoki umuman tirkalmagani va h. k...) aksariyati e’tirof etilgani bor gap. Biroq bu e’tiroflarning quvvati hukmga ta’sir qildirilsa, qani?! «Uch daqiqada hukm o‘qilgan» holatiki “tasdig‘ini topmagan” ekan, boshqasiga yo‘l bo‘lsin...

22

Sudlanuvchilarning pushaymonligiyu jabrlanuvchining da’vosi yo‘qligi, shuningdek, moddiy zararlar ortig‘i bilan to‘langanini aytdik-a? Yana nima qoldi?.. E-ha, mahalla fuqarolar yig‘ini va Yoshlar ittifoqi Farg‘ona  viloyat Kengashining sudlanuvchilarni kafillikka olish haqida  sudga murojjat qilgandi. Bular ham sudda «o‘tmadi», pirovard maqsad qamash ekan, chamasi. Mayli, jazo bering – yosh yigitlarning qamoqdan «odam» bo‘lib qaytishiga kafolat yo‘g‘u, na chora, bu kabi masalalarni hal etmoq faqat sudlarga tan. Olsin-da, oladiganini, oilasi turib, ishtonbog‘i bo‘sh ayolga ilakishlikning kasofati shunaqa bo‘ladi! Ushbu voqe’lik bois mahkumlarning ahli oila, qarindosh-urug‘lar oldida bo‘ladigani bo‘ldi, eng og‘ir jazo shu, aslida! «Odam o‘g‘rilash»  ayblovi esa o‘lganning ustiga tepgan bo‘layotir, xolos.

23

...Hujjatlarni qayta-qayta varaqlab, qonunlarni titkilib, bilgichlardan so‘rab-surishtirib,  ko‘ngilda mulohaza tug‘ildi, deng. Masala mohiyatiga bosibroq qaralsa, «odam o‘g‘rilash» jinoyati, shu qilmishning ta’rif-tavsifiyu jazo tayinlash masalasida kengroq rahbariy ko‘rsatmalarga ehtiyoj borday. Bunday  rahbariy ko‘rsatmalarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenum qarori shaklida berishi mumkin. Bunday  vakolat boshqa organlarda yo‘q. Ikkinchidan, qator mamlakatlar, xususan, Rossiya Federatsiyasi, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston Respublikalari Jinoyat kodekslarida «Odam o‘g‘rilash» jinoyatiga tegishli jazo belgilangani barobarida alohida norma ham qayd etilgan: «odam o‘g‘rilagan shaxs jabrlanuvchini ixtiyoriy ravishda qo‘yib yuborsa va uning xatti-harakatlarida boshqa jinoyat tarkibi bo‘lmasa, jinoiy  javobgarlikdan ozod etiladi». Bu me’yor ayni shu turdagi jinoyatchilikka qarshi kurashish choralaridan biri sifatida talqin etilganini ayting! Zero, bu me’yor bilan shu jinoyatga qo‘l urgan kimsalarga «etagini vaqtida yopish» imkoniyati berilmoqda. Aks holda, «totgan  ham teng, botgan ham teng» qabilida ish tutib,  qilmishini «kelgan joyidan» davom ettirishi mumkin.

Bizdayam o‘ylab ko‘rilsa, chakki bo‘lmasdi...

Yo‘qsa, shaxsni bir joydan ikkinchi joyga uning ixtiyoriga zid ravishda olib borib, so‘ng yaxshilik bilan kuzatib qo‘yilishi bezorilikdan tashqari «odam o‘g‘riligi»ga ham tortib ketaveradi, chog‘i...

24

Yana bir gap. Ushbu jinoyat ishi yuzasidan chiqarilgan hukmga nisbatan shikoyatlar to‘xtaganicha yo‘q. Bundan tashqari, maqolalar «poygasi» ham ketayotganini birov bilar, birov bilmas? Nega desangiz, jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shtepa tuman sudi raisining «uch daqiqada hukm o‘qigani» xususida (ish tafsilotlarga to‘xtalmagan holda) saytimizda tanqidiy maqola e’lon qilingandi (xabar.uz «Farg‘onadan teskari  reportaj: sudya noyob natija qayd etdi». 25/04. 10;40). Hukm qonuniy kuchga kirgach, bir saytda raisning nomidan shu  jinoyat xususida “hikoya qiluvchi” maqola chiqdi: «Farg‘onada zo‘ravonlar ustidan hukm o‘qildi»! Ko‘p o‘tmay ushbu maqola boshqa bir saytda,  sarlavhasi yanayam bo‘rttirilib qayta chop etildi: «Farg‘onada odam o‘g‘rilagan zo‘ravonlarga hukm o‘qildi»! Ushbu chiqishlar  xabar.uzdan  tarsaki yetgan  muallifga  «xumorbosdi» bo‘ldimi-yo‘qmi,  ko‘pam qiziqtirmaydi bizni. Biroq takror-takror ta’kidga ehtiyoj bor: Farg‘onada zo‘ravonlarga hukm o‘qilgani rost! Illo, o‘sha zo‘ravonlarning «odam o‘g‘rilagani»  yopishmayapti, yopishmayapti...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring