Ajabtovur psixologiya: yaxshiga rostdan ham kun yo‘qmi?
Nima uchun hayotda yaxshi insonlar ko‘p qiynalishadi? Yomonlarga qaraganda yaxshilar bu dunyoni tez tark etishadi. Nega?..
Bilasizmi, bir paytlar men ham shu kabi savollar ustida ko‘p o‘ylanardim. «Falonchi barchaga mehribon edi, qo‘lidan kelgan yordamini hech kimdan ayamasdi, nega qiynaldi?» derdim. Ayniqsa, bir ustozim olamdan o‘tganida, rosa jumboqlar ostida qolganman. Keyinchalik esa bu haqiqatning tagiga yetdim.
Avvalo, shuni aniqlab olaylik: yaxshi inson deb biz o‘zini «qurbon» qiladigan odamni aytamiz. U o‘zini ayamaydi, butun hayoti davomida yaqinlarim, farzandim, oilam deb yashaydi, ularga ruhining bir parchasini beradi. Bu esa, tabiiyki, salomatligining yomonlashuviga olib keladi. Yomon odam-chi, hammasiga befarq bo‘lib, hech kim bilan hech nimasini bo‘lishmaydi. Bundaylar ko‘proq o‘zlari haqida qayg‘urib, ko‘p quvvatini atrofdagilarga sarflamaydi.
Yaxshilar har kimning dardiga kuyunchaklik bilan yondashadi. Bu esa aslida biroz noto‘g‘ri. Boshqalar uchun qanchalik kuyinmang, siqilmang, agar o‘z ustingizda ishlamasangiz, ich-ichingizdan qiynalganingiz baribir befoyda. Sog‘ligingizni yo‘qotganingiz qoladi, xolos.
Ana endi tushunayotgandirsiz, o‘zini «qurbon» qilayotgan shaxslarning bu dunyodan ertaroq o‘tib ketishi sababini? Ular birovni xafa qilmay deb o‘zlarini ezib yuradilar. So‘ramagan odamlarga ham yordam berib ketaveradilar, vaholanki, hatto hikmatlarda ham, faqat so‘ragan odamga yaxshilik qil, deyilgan. Bu bilan o‘zgalarning boqimanda bo‘lmasliklari kerakligiga ishora bor.
Shunday ekan, kim aslida yaxshi va kim yomonligi xususida bir fikrlab ko‘ring.
Baxtiniso Azimboyeva,
ruhshunos-shifokor


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter