Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Maroqand» AJ bankrot deb topildi: UPay tizimi bilan bog‘liq kompaniya tugatiladi

«Maroqand» AJ bankrot deb topildi: UPay tizimi bilan bog‘liq kompaniya tugatiladi

UPay to‘lov tizimiga egalik qiluvchi «Maroqand» aksionerlik jamiyati bankrot deb topildi. Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi 2026 yil 2 fevral kuni jamiyatni to‘lovga qobiliyatsiz deb e’tirof etish va uni tugatishga doir ish yurituvini boshlash to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqardi.

«Maroqand» AJ O‘zbekistonda faoliyat yuritib kelgan «UPay» to‘lov tizimiga egalik qilgan. Ushbu tizim orqali foydalanuvchilar davlat xizmatlari, mobil aloqa, internet, onlayn servislar uchun to‘lovlarni amalga oshirish, bank kartalari o‘rtasida pul o‘tkazish hamda elektron hamyonlarni to‘ldirish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Kompaniya 2022 yil may oyida «Humans» fintex-ekotizimi tomonidan to‘liq sotib olingan. 2024 yil oktyabr oyida Markaziy bank tomonidan to‘lov tashkilotiga nisbatan cheklov chorasi qo‘llanib, faoliyati 6 oy muddatga cheklangani rasman ma’lum qilingan edi.

2025 yil oxirida Humans ilovasi bilan bog‘liq vaziyat keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar bank kartalaridan ularning ruxsatisiz pul mablag‘lari yechib olingani haqida xabar tarqatishdi. Markaziy bank mazkur holat yuz berganini tasdiqlab, tekshiruv ishlari boshlanganini ma’lum qildi hamda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida ayrim to‘lov operatsiyalarini vaqtincha chekladi.

Keyinroq Humans holat bo‘yicha izoh berib, pul mablag‘lari 4-8 dekabr kunlari firibgarlar tomonidan yechib olinganini ma’lum qilgan. Kompaniya bu holatda o‘z aybi yo‘qligini, muammo texnik xatolik bilan bog‘liq ekanini bildirgan.

2026 yil yanvar oyida Humans ilovasi orqali 2 mingdan ortiq shaxsning qariyb 7 milliard so‘m pul mablag‘lari o‘g‘irlangani haqida ma’lumot berilgan.

Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv yakunlari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi va jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda mazkur ish yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, 2025 yil oktyabr oyida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi Humans MChJni bankrot deb topgan edi. Endi esa uning to‘lov infratuzilmasi bilan bog‘liq bo‘lgan «Maroqand» aksionerlik jamiyati ham rasman tugatish jarayoniga kirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring