Ramazon oyida ehtiyojmand oilalarga bir martalik yordam ko‘rsatiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-fevral kuni Ramazon oyida ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda inson qadrini ulug‘lash, aholini ijtimoiy himoya qilish va adolatli jamiyat barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilganidek, O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida fuqarolar farovonligini ta’minlash, ehtiyojmand qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash va jamiyatda mehr-oqibat muhitini kuchaytirishni ustuvor vazifa deb biladi. Mazkur tamoyillar, ayniqsa, Ramazon oyida yanada yorqin namoyon bo‘lib, saxovat va hamjihatlik qadriyatlari amaliy ishlar bilan mustahkamlanmoqda.
Davlatimiz rahbari muborak oyda nuroniylar, yolg‘iz va ehtiyojmand fuqarolar holidan xabar olish, og‘ir ahvolga tushib qolgan oilalarga amaliy ko‘mak berish ezgu qadriyat ekanini ta’kidladi.
Yig‘ilishda shu maqsadda ishlab chiqilgan «Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi» shiori ostidagi kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berildi. Ularni amalga oshirish uchun «Vaqf» xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
Ajratiladigan mablag‘lar hisobidan ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish, nogironligi bor shaxslarning davolanish va jarrohlik amaliyotlari xarajatlarini qoplab berish ko‘zda tutilgan.
Prezidentimiz joriy yil yanvar oyida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bugun turli radikal va ekstremistik g‘oyalar axborot texnologiyalari orqali yoshlarimiz ongini zaharlashga urinayotgani, faqat jazo va taqiq bilan bu muammoni hal qilib bo‘lmasligini ta’kidlagan edi.
Ayni damda Prezidentimiz jamiyat onalari va kelajak avlod tarbiyachilari bo‘lgan xotin-qizlarni buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan asrash, ularni ham ma’nan, ham moddiy qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida urg‘u berdi.
Bu jarayonda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan shaxslarni ijtimoiylashtirish, moddiy qo‘llab-quvvatlash, ularning oilalari bilan individual tarzda ishlab, tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish hamda kasb-hunarga o‘rgatish orqali bandligini ta’minlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Prezidentimiz har bir mahallada ehtiyojmand oilalarning aniq va shaffof ro‘yxatini shakllantirish, yordamlarni fuqarolarning dini, millati va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, teng va adolatli tarzda yetkazish shartligini alohida ta’kidladi. Mas’ul idoralarga bu borada qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter