Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Vakolatning chegarasi bormi? Ilgarigidan ham beshbattar holatlar haqida

Vakolatning chegarasi bormi? Ilgarigidan ham beshbattar holatlar haqida

Foto: «Xabar.uz»

«Advokat» jurnalida chop etilgan «Oliy suddagi og‘riqli nuqta yoki murojaatlar bilan ishlash tizimi islohotga muhtojmi?» sarlavhali maqolada bugungi kunda rostdan ham juda chegaradan chiqib ketgan katta bir muammo rad qilib bo‘lmas faktlar asosida ochib tashlagan.

Ha, keyingi paytda Oliy sudning murojaatlar  bilan ishlash tizimi islohotga muhtoj bo‘lib qoldi. Bunga shaxsan mening o‘zim va «Ishonch-R.F.» advokatlik firmamizdagi boshqa advokatlar ham shaxsan guvohmiz. Advokatlarning murojaatlariga beparvolik bilan, shablon ko‘rinishida javob qaytarilaverishi oqibatida bitta ish uchun ba’zan 5-6 marotalab murojaat qilishga to‘g‘ri kelmoqda. Bu haqda yuqori idoralarga, shaxsan Oliy sud raisi va Sudyalar Oliy kengashiga, Bosh prokuraturaga, bir qancha OAVga murojaat qilganmiz, ammo natija bo‘lmagan... «Advokat» jurnalida bu mavzu ko‘tarilgani bizga oz bo‘lsa-da taskin berdi.

Qizig‘i shundaki, biz sud-huquq tizimida ulkan islohotlar sari qadam qo‘ydik, deb xursand bo‘lib yuribmiz-u, ammo ba’zan ilgarigidan ham beshbattar holatlarga duch kelmoqdamiz. Xususan, nazorat tartibidagi ishlar endi faqat Oliy sudda ko‘rilayotgani sababli JPK talablariga rioya etilmay qo‘ydi. Ya’ni, hamma vakolatlar Oliy sudning murojaatlar bilan ishlash boshqarmasiga topshirib qo‘yilgandek, go‘yo... Buning ustiga, qonunchiligimizda Oliy sud tomonidan murojaatlarning qabul qilinishi va ularga javob berilishi tartibi, murojaatlar bilan ishlashga mas’ullarning burch va vakolatlari belgilab berilmagan.

Muqaddam birinchi instansiya sudi hukmi va kassatsiya instansiyasi ajrimini viloyat sudi raisi rad etadigan bo‘lsa, bu ish Oliy sudga chaqirilar edi. Agar protest kiritilishi lozim deb topilsa, tomonlarga xat yuborilar, ish rad etilgan taqdirda esa asoslantirilgan xulosa jo‘natilardi. Bu xulosani, avvalo, ishni Oliy sudda ko‘rgan sudya imzolar, shuningdek, Oliy sud raisi o‘rinbosarlari ham uni imzo bilan tasdiqlashar edi. Shu bois bu xulosa ustidan tomonlar Oliy sud Plenumiga murojaat qilish mumkin bo‘lardi.

Hozir esa Oliy sudga kelib tushgan nazorat tartibidagi arizalarning hammasiyam Oliy sud raisiga ham, uning o‘rinbosarlariga ham ko‘rsatilmayotgandek. Ming mashaqqat bilan yig‘ilgan hujjatlar, asoslantirilgan e’tirozlar o‘rganib ko‘rilmasdan, murojaatlar bilan ishlash boshqarmasining o‘zida uzoq vaqt harakatsiz ushlab turilib, shu joyning o‘zidan yana tuturuqsiz javoblar bilan ortga qaytarilmoqda.

Vaholanki, protsessual qonunchiligimizga ko‘ra, o‘zining haq-huquqlari buzilgan deb hisoblayotgan har qanday shaxs Oliy sud Plenimuga qadar shikoyat qilish va unga tegishlicha asoslantirilgan javob olish huquqiga ega. Ammo bugun Oliy sudning murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi fuqarolarning ana shu huquqlarini paymol qilib, sun’iy oxirgi instansiya vazifasini bajarib o‘tiribdi...

O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: bu ishlar mana shu boshqarmadagilarning o‘z vakolatlarini su’iiste’mol qilishlari natijasimi yoki ularga kimlardir tomonidan yozilmagan topshiriqlar berilmoqdayu, boshqarma shunchaki oddiy qurol vazifasini o‘tamoqdami? O‘ylaymizki, bu savolga mutasaddi idoralar albatta javob izlab ko‘rishlari va bir xulosaga kelishlari kerak. Buning fursati allaqachon yetib kelgan...

Qolaversa, bu holat bilibmi-bilmaymi noxolis qarorlar, hukmlar chiqarayotgan ayrim sudyalarning noqonuniy xatti-harakatlari xaspo‘shlanib, xato-nuqsonlari e’tibordan chetda qolib ketishiga ham olib kelmoqda. Men bu gaplarni o‘z tajribamdan kelib chiqib aytmoqdaman. Zero, o‘zim JIB Sirdaryo viloyat sudida kollegiya raisi, sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortish komissiyasi raisi, Prezidium a’zosi bo‘lib ishlagan davrlarimda biror bir sudyaning hukmi, qarori bekor qilinsa yoki hukmi o‘zgarsa yoxud ish tergovga qaytarilsa yo boshqatdan sudda ko‘rilsa (ayniqsa, yengil jazo qo‘llagan bo‘lsa) albatta uning ustidan intizomiy ish qo‘zg‘atilib, uch oylik ish faoliyati tahlil va muhokama qilinar edi. Malaka komissiyasi majlisining jazo belgilash haqidagi qarori sudyaning shaxsiy ish hujjatlariga tikib qo‘yilardi. Shu bois bu sudya endi «qatiqni ham puflab ichadigan» bo‘lib qolar, har bir ishga imkon qadar puxta yondashishga, xolis, asoslantirilgan qarorlar chiqarishga harakat qilardi. Xuddi shuningdek, nazorat shikoyatini asoslantirilgan xulosasiz qaytargan sudyaning ishi ham muhokama qilinib, bu xususdagi qaror ham Oliy sudga yuborilardi. Hozir esa, ko‘rib-bilib yuribmiz, qancha-qancha ishlari bekor bo‘lgan sudyalar ham gerdayib, o‘z bilganicha ishlashda davom etmoqda. Chunki, ularni tartibga chaqiradigan mexanizm ishlamayapti. Hisobotlar esa nomigagina bo‘lib, ularni xohlagancha «tahrir» qilinmoqda, sudyaning avvalgi xato-kamchiliklari qasddan o‘chirib tashlanmoqda... (Ha, OAVda yozilishicha, hatto «marhumni so‘roq qilish»gacha borib yetgan sudyalar ham bir tumandan boshqa tumanga sud raisi qilib yuborilmoqda — Tahririyat).

Shu bois, bu sohani isloh qilishga qaratilayotgan keyingi sa’y-harakatlar, joriy etilayotgan yangicha tartib-tamoyillar ham shunchaki ko‘zbo‘yamachilikka xizmat qilib qolishi kerak emas...

Shu o‘rinda bir taklifimni ham o‘rtaga tashlamoqchiman. Ya’ni, ma’lumki, «O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi to‘g‘risida»gi Nizomga ko‘ra, Oliy malaka komissiyasi va joylardagi malaka komissiyalari tarkibi advokatlar hamda huquq sohasidagi tajribali mutaxassislardan shakllantirilishi belgilangan bo‘lib, jumladan, komissiyaga sudyalar ham jalb etilmoqda. Bu, albatta, xolislikni ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega. Ammo, ayni paytda, «Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risida»gi nizomda Oliy malaka hay’ati va malaka hay’atlari tarkibi faqat sudyalardan iborat bo‘lishi belgilangan. Nazarimizda, shuning o‘zi adolat talablariga mos emas. Ya’ni, advokatlar taqdirini hal etishda boshqa mutaxassislarga ehtiyoj bor-u, sudyalar taqdirini faqat sudyalarning o‘zlari hal etishlari kerakmi? Qolaversa, dunyo tajribasida ham sudyalar ishini baholovchi organlar tarkibi turli soha vakillaridan shakllantiriladi. Jumladan, bevosita aloqador soha vakili sifatida advokatlar ham kiritiladi. Demak, bizda ham bu haqda o‘ylab ko‘rilsa yomon bo‘lmaydi!

O‘lmas Rasulov, advokat

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring