Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

«Qizil kitob»ga qora munosabat: Ayiq, jayron, oqqush va odamlar

«Qizil kitob»ga qora munosabat: Ayiq, jayron, oqqush va odamlar

Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali «Qizil kitob»ga kiritilgan ayiq, jayron kabi hayvonlarning va oqqush, turna kabi qushlarning ayovsiz o‘ldirilayotgani haqidagi xabarlarga tez-tez guvoh bo‘lyapmiz.

Masalan, Qashqadaryoda o‘ldirilgan ikki ayiq ham noyob qo‘ng‘ir ayiq turiga mansub. Bu ayiqni ovlash taqiqlangan va muhofaza ostiga olingan. Oldingi o‘ldirilgan hayvonlar uchun jazo berilmagani bois, ruhlangan boshqa ovchilar vahshiylikni davom ettirgani sir emas.

Ijtimoiy tarmoqlardagi bunday mavzularga ko‘pchilik «hayvon odamdan azizmi», «quturgan bo‘lsa-chi», «tashlangan bo‘lsa indamay qarab turish kerakmi», deb izoh qoldirishadi. Ya’ni, hayvonni o‘ldirganlarni oqlashadi. Nahotki, ayiqni kinolarda, hujjatli filmlarda ko‘rsatilganidek baqirib-chaqirib qo‘rqitish usullaridan foydalanishning imkoni bo‘lmasa?

Qo‘ng‘ir ayiq zaif, tabiatda kamyob, mozaik tarqalgan kenja tur. G‘arbiy Tyanshan, G‘arbiy Pomir Oloy tog‘larida istiqomat qiladi. 1970-yillarda 220tasi hisobga olingan, hozirda soni 150tadan kam.  Ko‘plari Hisor, Chotqol, Zomin qo‘riqxonalarida saqlanadi. Ikki yilda bir marta bolalaydi va 30 yilgacha yashaydi. Asosan brakonerlar tomonidan ovlanishi oqibatida soni keskin kamayib ketmoqda. Qo‘ng‘ir ayiqni ovlash taqiqlangan. Tog‘ qo‘riqxonalari va milliy bog‘larda muhofaza ostiga olingan. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida»gi 2014-yil 20-oktyabrdagi 290-son qarori 2-ilovasi bilan tasdiqlangan Hayvonot dunyosi ob’yektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 14-ilovasi «Hayvonot dunyosidan foydalanish tartibining buzilishi sababli yetkazilgan zarar hajmini hisoblash uchun to‘lovlar» miqdori bo‘yicha yoshi, kattaligi, og‘irligi va jinsidan qat’i nazar har bir hayvon (kallasi, terisi, shoxi va boshqalar) uchun jismoniy va yuridik shaxslar uchun eng kam oylik ish haqiga nisbatan 100 koeffitsiyent miqdorida zarar hisoblanishi belgilangan. Ammo qonunni buzganlarga mana shunday jazo turi qo‘llanilyaptimi?

Ayiq yirtqichligi uchun odamlar o‘zini himoya qilarkan (o‘ldirish orqali himoya qilishni oqlab bo‘lmaydi) nega jayronlar ommaviy ovlanmoqda. Bunday mavzularga ham odamlarning fikrlashini eshitib yoki o‘qib yoqangni ushlaysan. «Go‘sht qimmat bo‘lgandan keyin nima qilishsin», «jayronning go‘shti shirin bo‘ladi». Nahot aholimizning hayvonlarga munosabati, atrof-muhitni, tabiatni, ekologiyani asrab-avaylashga tushunchalari shu qadar, faqat qorin qayg‘usi darajasida sayoz bo‘lsa? Gap qirilib ketayotgan noyob tur haqida ketayotganda uni yeyish yoki go‘shtining mazaliligi birinchi o‘ringa chiqsa?

Ijtimoiy tarmoqlarda «Qizil kitob»ga kiritilgan oqqushni ovlagan va boshqa o‘ljalarini ko‘z-ko‘z qilgancha o‘zini «qahramon» ko‘rsatib, sahifasiga joylashtirishlariga nima deysiz? Bu tengi yoshlar jamiyatga, ona tabiatga foydasi tegishi uchun turli loyihalarni yaratayotgan bir paytda yoshgina yigitning beshafqatligini, mas’uliyatsizligini qanday baholash mumkin? 

Bundan sal oldin Instagramda andijonlik «qahramon» «Qizil kitob»ga kiritilgan sterx-oq turnani otib, o‘ljasini sahifasida ko‘z-ko‘z qilgan edi. Ammo u jazosiz qoldi, oqibatda aynan noyob hisoblanadigan jonivorlarni ovlaydigan ovchilar, havaskorlar ko‘paymoqda.  Balki ular ovlayotgan o‘lja noyob turning eng so‘ngisidir.

Televideniye orqali xorijdagi o‘rmon yong‘inida kaola hayvonlarining yonib ketayotgani va yong‘in o‘chiruvchilar o‘zlarining hayotlarini xavf ostiga qo‘yib kaolani qutqarishayotganini ko‘rsatishdi. Dunyoning qay yerlarida odamlar hayvonlar va o‘simliklar turlarini saqlab qolish uchun kechayu kunduz ilmiy ish qilishmoqda. Turli yo‘llarini qidirishmoqda. Ammo yurtimizda borgan sari hayvon va parrandalarni ovlashga ishqibozlar ko‘payib ketmoqda. Eng ayanchlisi, bu ishni qilganlar yovuzligini qahramonlik darajasiga ko‘tarib maqtanayotgani, surtaga tushib tarqatayotgani. Axir buni ko‘rib ulg‘ayayotgan bolalar kelajakda mana shunday ishlarni takrorlamaydi, deb kim ayta oladi.

Balki maktablardagi tabiatshunoslik darslarida qizil kitobga bag‘ishlangan soatlarni ko‘paytirish kerakdir. «Qizil kitob» fanini kiritish lozimdir.

Surxondaryoda bug‘u ushlandi

Yaqinda Surxondaryo viloyatining qaysidir qishlog‘idan bir insonning bug‘uni ushlab olgani va tabiat jonkuyarlariga xabar berilgani aytildi.

Bug‘uni uyida bog‘lab turgan hamyurtimizning ishini har holda vahshiylik qilayotganlar oldida qahramonlik deb atasak bo‘ladi. Mana shunday yaxshi insonlarni, o‘rnak bo‘ladigan voqealarni odamlarga ko‘proq ko‘rsatish shart.

Bug‘u ayni paytda hayvonot bog‘iga joylashtirilgan. Uning sog‘lig‘ini tekshirib turish uchun veterinar jalb qilingan. Demak, yana bir noyob jonivor yaxshi odamlar tomonidan qutqarib qolindi. Biz esa ana shunday yaxshi xabarlarning, atrof-muhitning, tabiatning jonkuyarlari ko‘payishini juda-juda istab qolamiz. Tabiatni asliday asrang odamlar...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring