Detektivlar qirolichasining uyini o‘g‘ri urib ketdi
Tatyana Ustinova
Taniqli rus yozuvchisi, o‘nlab detektiv romanlar muallifi Tatyana Ustinova asarlaridagi jinoyatga hayotda duch keldi. Uning Yaroslavl viloyati Vyatskoye qishlog‘idagi uyiga o‘g‘ri tushdi.
Jinoyat o‘tgan dam olish kunlari, yozuvchi uyda yo‘qligida sodir etilgan. Ustinova xonim detektiv asarlarida jinoyat izlarini mahorat bilan tasvirlasa-da, bu safar jinoyatchilar uning shaxsiy hududiga kirib kelishga jazm etishdi. Uydan zargarlik buyumlari, xususan, brilliantlar va boshqa qimmatbaho ashyolar olib chiqib ketilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yetkazilgan zarar miqdori 10 million rubl (130 ming dollar atrofida)ni tashkil etmoqda.
Yaroslavl viloyati IIV boshqarmasi holat yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 158-moddasi 4-qismi (o‘ta yirik miqdordagi o‘g‘rilik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Ayni damda tergov guruhi voqea joyida dalillarni to‘plamoqda. Qiziq jihati shundaki, muxlislar ijtimoiy tarmoqlarda: «Balki bu murakkab jinoyatni yozuvchining o‘zi xuddi qahramonlari kabi fosh etar?», deya munosabat bildirishmoqda.
Tatyana Ustinova o‘zining «orzusidagi maskan» deb atagan Vyatskoye qishlog‘iga 2024-yilda doimiy yashash uchun ko‘chib o‘tgan edi. Bu tarixiy qishloq osoyishtaligi bilan mashhur bo‘lib, bunday yirik jinoyat mahalliy aholi uchun ham kutilmagan zarba bo‘ldi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter