Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Olimlar COVID-19 dan keyin miyada qolgan «uzoq muddatli iz»ni aniqlashdi

Olimlar COVID-19 dan keyin miyada qolgan «uzoq muddatli iz»ni aniqlashdi

foto: Freepik

Koronavirusdan keyingi davrda kuzatiladigan surunkali charchoq va kognitiv (fikrlash bilan bog‘liq) buzilishlar nihoyat ilmiy isbotini topdi. Avstraliyalik neyroimmunologlar COVID-19 bilan kasallanib o‘tgan bemorlar miyasida aniq tarkibiy va biokimyoviy o‘zgarishlarni aniqladilar. «Brain, Behavior, & Immunity – Health» jurnalida e’lon qilingan yangi tadqiqot bu alomatlarning sababini miyadagi ob’yektiv o‘zgarishlar bilan bog‘ladi. Ya’ni koronavirusdan keyingi kognitiv muammolar shunchaki vaqtinchalik holat emas, balki miyadagi chuqur biologik jarayonlar bilan bog‘liq bo‘lib chiqdi.

Tadqiqot natijalari nimani ko‘rsatdi?

MRT tahlillari shuni ko‘rsatdiki, koronavirusni boshidan o‘tkazgan bemorlarning miya to‘qimalarida mikrostrukturaviy o‘zgarishlar yuz beradi. Ayniqsa, xotira va harakat funksiyalari uchun mas’ul bo‘lgan sohalarda hujayra darajasidagi buzilishlar aniqlangan.

Olimlarning ta’kidlashicha, miyadagi kimyoviy muvozanatning o‘zgarishi surunkali yallig‘lanishdan dalolat beradi. Bu esa insonning nafaqat jismoniy holatiga, balki fikrlash qobiliyatiga ham bevosita ta’sir qiladi.

Hatto sog‘ayganlarda ham o‘zgarishlar bor

Tadqiqotning eng muhim xulosalaridan biri shundaki, hatto o‘zini to‘liq sog‘lom his qilayotgan va hech qanday shikoyati bo‘lmagan odamlarda ham miya ko‘rsatkichlari nazorat guruhidagilardan farq qilgan. Ya’ni olimlar hech qachon kovid bo‘lmagan odamning miyasi bilan koviddan sog‘aygan odamning miyasini solishtirishganda, ikkinchi guruhda miya hujayralari orasidagi aloqalar sustlashganini yoki kimyoviy muvozanat buzilganini ko‘rishgan. Bu COVID-19 infeksiyasi miyada uzoq muddatli «iz» qoldirishi mumkinligini anglatadi, ya’ni virus miya to‘qimalarini ma’lum ma’noda «qayta dasturlab» qo‘ygan. Shu sababli odam tez charchaydigan, diqqatini jamlay olmaydigan yoki uyqusi buziladigan bo‘lib qoladi. Bu o‘zgarishlar yaqin orada o‘tib ketmasligi, balki oylar yoki yillar davomida saqlanib qolishi mumkinligi tadqiqotda «uzoq muddatli iz» deb atalgan.

«Bu ma’lumotlar kovid asorati shunchaki ruhiy tushkunlik (psixosomatika) emas, balki real patofiziologik asosga ega holat ekanligini so‘zsiz isbotlaydi», — deyiladi tadqiqot xulosasida. Olimlarning ta’kidlashicha, endilikda kovid asoratini davolashda neyron tuzilmalarni va biokimyoviy muvozanatni tiklashga qaratilgan yangi reabilitatsiya choralarini ishlab chiqish zarur.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring