Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Suriyaga urushdan ham xatarli ofat yopirilmoqda

Suriyaga urushdan ham xatarli ofat yopirilmoqda

Foto: «AA»

Qariyb 10 yildan buyon urush davom etayotgan Suriyada qashshoqlik va ochlik kun sayin kuchayib bormoqda. BMTning oziq-ovqat masalalari bo‘yicha agentligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda 12,4 million kishi (aholining 60 foizi!) ochlik iskanjasida qolmoqda. Holbuki, 2020-yilning may oyida ham 9,3 million kishi oziq-ovqat taqchilligidan aziyat chekayotgan edi. 

«Ochlik, qashshoqlik va ovqat taqchilligi muammosga ro‘baro‘ bo‘lgan suriyaliklar safi shiddat bilan kengayib bormoqda. Aksar oilalarda birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari ham yo‘qligi xavotir va tashvish uyg‘otmoqda», – deydi BMTning oziq-ovqat masalalari bo‘yicha agentligi vakili  Jessika Louson.

Urush va qirg‘inbarot yaqingacha mintaqaning ma’mur o‘lkalaridan biri sanalgan Suriya iqtisodiyotini vayron qildi, inflyasiya darajasi oshib ketdi. 2015-2020-yillarda oziq-ovqat mahsulotlari narxi 33 baravarga ko‘tarildi. Koronavirus pandemiyasi esa jafokash xalq uchun yanada og‘ir sinovga aylandi.

Tahlilchilarga ko‘ra, urush davomida aholining salmoqli qismi bor-budidan, hatto qora kunlar uchun saqlab qo‘ygan bisotidan ham mosuvo bo‘ldi. Minglab oilalar tirik qolish uchun gumanitar yordamga ko‘z tikib turibdi. 

2011-yildan buyon Shom tuproqlarida 387 ming kishi halok bo‘ldi, millionlab aholi kindik qoni to‘kilgan shaharu qasabalarni tark etishga majbur bo‘ldi.

Bir necha ming yillik tarixga ega ko‘hna shaharlar yer bilan yakson etildi. Yaqingacha gullar iforiga to‘lgan shaharlarda bugun porox isi anqiydi. Rim va Vizantiya saltanatlarini ko‘rgan qadimiy imoratlar vayron, ko‘p ming sonli aholining boshpanasi kunfayakun etildi.

Suriyani geosiyosiy kurash maydoniga aylantirgan yirik mamlakatlar ham, toju taxtini saqlab qolishga zo‘r berayotgan ishboshilar ham ko‘p millionli aholi ochlik domida ekanidan ko‘p-da xavotir olmayotganga o‘xshaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring