Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chilonzordagi oilaviy zaharlanish yuzasidan Respublika bosh Davlat sanitariya vrachi rasmiy axborot berdi

Chilonzordagi oilaviy zaharlanish yuzasidan Respublika bosh Davlat sanitariya vrachi rasmiy axborot berdi

Foto: «Xabar.uz»

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida bir oilaning to‘rt farzandi zaharlanish oqibatida vafot etgan edi. Voqea yuzasidan Respublika bosh Davlat sanitariya vrachi S.Saidaliyev rasmiy axborot berdi.

Toshkent shahar Chilonzor tumani Dilxush ko‘chasi 37-uyda yashaydigan fuqaro A.Akbarov xonadonida 2018-yil 31-oktyabr kuni qayd etilgan guruhli ovqatdan zaharlanishda gumon holati bo‘yicha quyidagilar ma’lum qilinadi:

«Xonadon egasi Alisher Akbarovning ayoli Umida Xaitova (42 yosh) 2018-yil 30-oktyabr kuni, taxminan soat 20:00 larda Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazininig ro‘parasidagi milliy taomlar kafesidan 5 dona sixga tortilgan qiyma kabob, tandir non va to‘g‘rab, uksus (sirka) solingan piyoz sotib olib, uyiga olib borgan. Ularning uyi shu kafening yaqinida joylashgan. Uyida oila a’zolaridan Umida Xaitovaning o‘zi, uning qizlari Aziza Akbarova (1996-yil tug‘ilgan), E’zoza (2001-yil tug‘ilgan), Iroda (2003-yil tug‘ilgan) va o‘g‘li Farrux Akbarov (2012-yil tug‘ilgan) birga o‘tirib, soat 20-30 da kabobni iste’mol qilishgan.

U.Xaitovaning bergan ma’lumotiga ko‘ra, kabobda noxush hid va ta’m sezishmagan. Soat 23-30 larda bolalar binoning ikkinchi qavatidagi xonaga chiqib, uxlashgan. Ularda hech qanday kasallik belgilari bo‘lmagan. U.Xaitovaning taxminan soat 23-30 larda boshi qattiq og‘rigan, ko‘ngli aynigan va ko‘p marta qusgan. Xonadon egasi A.Akbarov kabob iste’mol qilingan vaqtda uyda bo‘lmagan, qo‘shnisinikida bo‘lib, taxminan soat 24:00 da uyiga qaytgan. Ayolining sog‘lig‘i yomonlashganligi to‘g‘risida tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilishmagan. Er-xotin binoning birinchi qavatida uxlashgan.

2018-yil 31-oktyabr soat 04-00 da U.Xaitova ikkinchi qavatdagi farzandlari uxlayotgan xonani ochib ko‘rganda bolalarining og‘zidan ko‘pik qusuqlari chiqib, behush holda yotganligini ko‘rib, tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilgan. Soat 04-30 da tez tibbiy yordam mutaxassislari kelib, ular tomonidan U.Xaitovaning qizlari Aziza, E’zoza, Iroda va o‘g‘li Farruxda biologik o‘lim holati qayd etilgan. Ayni paytda A.Akbarov sog‘lom, uning turmush o‘rtog‘i U.Xayitovaga esa  Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, ahvoli qoniqarli.

Ushbu xonadon egalari Dilxush ko‘chasi 37-uydagi yangi qurilgan 3 qavatli binoga yaqinda ko‘chib o‘tishgan. Uy yerto‘lada o‘rnatilgan, tabiiy gazda ishlaydigan isitish qozoni orqali isitiladi.

Yuzaga kelgan ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirning topshirig‘iga muvofiq Bosh prokuratura, Ichki ishlar va  Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislaridan iborat hukumat komissiya tuzildi. Komissiya tomonidan  ushbu xolat bo‘yicha ovqatdan yoki is gazidan zaharlanish taxminlari o‘rganilmoqda.

A.Akbarov xonadoni va milliy taomlar kafesidagi tashqi muhit ob’yektlaridan tahlillar uchun tegishli namunalar olinib, Respublika sanitariya-epidemiologiya xizmatining laboratoriyasiga topshirildi. O‘rganilayotgan taxminlar, laboratoriya tahlillari natijalari hamda amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar to‘g‘risida qo‘shimcha axborot beriladi».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring